Lukashenko: Ukrainaga Tomahawk raketalarining yetkazib berilishi yadro urushiga olib kelishi mumkin

    Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning fikricha, Amerika Tomahawk qanotli raketalarining Ukrainaga yetkazib berilishi Rossiya-Ukraina mojarosini hal eta olmaydi. Uning ta'kidlashicha, AQSh Prezidenti Donald Trampning bu harakati yadro urushiga olib kelishi mumkin.

    “Hech qanday Tomahawk raketalari muammoni hal qila olmaydi. Bu vaziyatni yadro urushiga olib keladi. Donald Tramp buni hammadan yaxshiroq tushunsa kerak, chunki u bu halokatli qurollarni topshirishga va Rossiyaning chuqur hududiga zarba berishga shoshilmayapti”, dedi Lukashenko.

    13-oktabr kuni Tramp Rossiya-Ukraina mojarosi hal etilmasa, Ukrainaga Tomahawk raketalarini yuborishini ma'lum qilgan edi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin uning yetkazib berilishining ehtimolini keskinlashuvning yangi bosqichi deb atadi. Oldinroq Financial Times gazetasi AQSh ma'muriyati Ukrainaga 20 dan 50 tagacha Tomahawk raketalarini yuborishi mumkinligini ma'lum qilgandi, deb xabar berdi kommersant.ru.