Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanida politravma markazi ochilishi rejalashtirilmoqda. Politravma — koʻpjarohatlilik boʻlib, yangi muassasa qoʻshma jarohatlanish va oʻtkir qon-tomir markazi boʻladi.
Ushbu markaz tumandan oʻtuvchi M-37 xalqaro yoʻli boʻyida joylashgan Somatik kasalliklar shifoxonasi negizida barpo etilishi rejalashtirilgan.
Politravma markazi 50 oʻrinli boʻlishi rejalashtirilgan. Unda 40 ga yaqin eng zaruriy yirik tibbiy asbob-uskunalar va anjomlar jamlanadi. Markaz joriy yilning 4-choragida ish boshlashi kutilmoqda.