Mablag‘lar sarflanishini nazorat qilish masalalari ko‘rib chiqildi

    Hukumat 17 Oktabr 2022 6429

    Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida 17-oktabr kuni mahallalar infratuzilmasiga ajratilayotgan mablag‘larning sarflanishini nazorat qilish masalasi bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

    Ma’lumki, yaqinda, 11-oktabr kuni mahallalarda aholini o‘ylantirayotgan masalalarni hal etish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan edi. Unda xalqimizni quvontirgan, odamlar manfaatiga qaratilgan juda ko‘p yangiliklar aytildi.

    Jumladan, bu yilning qolgan ikki oyida 5 ming 284 ta mahalla infratuzilmasini yaxshilashga 2 trillion 700 milliard so‘m ajratiladi. Ichki yo‘llarni ta’mirlashga mablag‘lar hajmi 2,2 barobarga oshiriladi. “Tashabbusli budjet” doirasida 1,5 mingta mahalladagi loyihalarga 1 trillion 300 milliard so‘m yo‘naltiriladi. Kelgusi yildan “Tashabbusli budjet” loyihalari uchun 8 trillion so‘m beriladi.

    Yig‘ilishda bu mablag‘lardan samarali foydalanish va sarflanishini nazorat qilish masalalari muhokama qilindi.

    – Kelgusi yildan “Obod mahalla”, “Obod qishloq”, yo‘l qurilishi va boshqa davlat investitsiya dasturlarini shakllantirish va amalga oshirishning yangi tizimiga o‘tamiz, – dedi davlat rahbari. – Ushbu dasturlar va xarajatlar faqat va faqat aholi ovoz bergan loyihalarga yo‘naltiriladi. Prokurorlar esa ajratilayotgan “har bir so‘m”ning o‘z o‘rnida ishlatilishini ta’minlab, nazorat qilishi lozim.

    Shu bois, yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori davlat dasturlari ijrosi yuzasidan yangi nazorat tizimini joriy etish, talon-torojlik va qonunbuzilishlarning oldini olish, qurilishlarni ochiq-oshkora tizim asosida amalga oshirish choralari to‘g‘risida axborot berdi.

    Prezidentimiz qurilish jarayonlarini nazorat qilishda aholi ishtirokini kengaytirish, ob’ektlarni qabul qilish komissiyalariga mahalla raislarini kiritish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

    Kelgusi yil 1 yanvardan boshlab, qiymati 10 milliard so‘mdan yuqori bo‘lgan qurilish ob’ektlariga xorijiy texnik-nazorat mutaxassislari jalb qilinishi, davlat ob’ektlari bo‘yicha loyiha hujjatlari “Qurilish resurslari klassifikatori” platformasi asosida ishlab chiqilishi belgilandi. Bu platforma qurilish materiallari narxlarini yagona tamoyil asosida shakllantirish imkonini beradi.

    Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga loyihalar, pudratchilar va qurilish haqidagi ma’lumotlarning jamoatchilik uchun ochiqligini ta’minlash vazifasi qo‘yildi.