Madaniy faoliyat sohasida davlat organlarining vakolatlari belgilandi

    Mamlakatimizda 21 Yanvar 2021 1377

    “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari toʻgʻrisida”gi Qonun (OʻRQ–668-son, 20.01.2021-y.) Prezident tomonidan imzolandi.

    Qonun bilan madaniy faoliyat sohasidagi davlat siyosatini roʻyobga chiqarishni amalga oshiruvchi organlarning vakolatlari belgilandi.

    Jumladan, Vazirlar Mahkamasi mazkur sohada yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi hamda davlat boshqaruvi organlarining bu boradagi faoliyatini muvofiqlashtiradi.

    Qonunga koʻra, har bir shaxs madaniy faoliyat sohasida mulk huquqiga ega.

    Mulk huquqi tarixiy, ilmiy, badiiy yoki oʻzgacha madaniy qimmatga ega boʻlgan ashyolarga, shuningdek moddiy madaniy meros obyektlariga nisbatan tatbiq etilishi mumkin.

    Madaniyat tashkilotlari madaniy faoliyatning turlariga qarab quyidagi toifalarga boʻlinadi:

    ● madaniy-tomosha tashkilotlari;

    ● madaniy-maʼrifiy tashkilotlar;

    ● boshqa madaniyat tashkilotlari.

    Madaniyat tashkilotlari mulkdor yoki u vakil qilgan shaxs tomonidan yoxud vakolatli organning farmoyishi asosida tashkil etiladi.

    Davlat madaniyat muassasalariga va tashkilotlariga madaniyat hamda sanʼat sohasida erishgan yutuqlari uchun Hukumat taqdimnomasiga binoan Prezident tomonidan “Milliy” yoki “Akademik” maqomi berilishi mumkin.

    Davlat madaniyat muassasalari va tashkilotlarining attestatsiyasi uch yilda bir marta oʻtkaziladi.

    Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.