Madaniy meros agentligi grantlar ajratish boʻyicha tanlov eʼlon qildi

    Madaniy meros agentligi Muzeylar faoliyatini takomillashtirish va muzeylarda zamonaviy marketing va menejmentni yoʻlga qoʻyish mavzusida 2024-yil uchun grantlar ajratish uchun ikkinchi tanlovni eʼlon qildi.

    Tanlovda barcha – fuqaroligidan qatʼiy nazar 16 yoshga toʻlgan jismoniy va yuridik shaxslar ishtirok etishlari mumkin.

    Tanlovga nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari tomonidan taqdim etilgan quyidagi maqsadlarni nazarda tutuvchi xalqaro standartlarga molik loyihalar qabul qilinadi:

    1. Muzeylarda zamonaviy marketing va menejmentni yoʻlga qoʻyish;
    2. Muzeylarning ilmiy-tadqiqot ishlarini kuchaytirish;
    3. Muzey ashyolari va kolleksiyalarini restavratsiya va konservatsiya qilish;
    4. Sohada zamonaviy texnologiyalarni, shu jumladan, 7D gologramma shoularni faol tatbiq etish;
    5. Muzey tarixi, ashyolar va kolleksiyalarni targʻib qilish;
    6. Muzeylarga oid eng sara kitob, katalog va boshqa nashrlarni chop etish.

    Grant ajratish uchun quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

    1. Tashkilot rahbari tomonidan imzolangan va muhr bilan tasdiqlangan kuzatuv xati.
    2. Grant loyihasi uchun ishtirokchining arizasi (Agentlik veb saytida shablon kiritilgan).
    3. Ishtirokchi jismoniy shaxs boʻlgan hollarda shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari.
    4. Oxirgi oʻzgartish va qoʻshimchalar bilan davlat roʻyxatidan oʻtgan NNTlar va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining Ustavi (Nizomi) nusxasi.
    5. Tashkilotning davlat roʻyxatidan oʻtganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma nusxasi.
    6. Agar loyihani amalga oshirish litsenziyalanadigan faoliyatni talab qilsa, unda litsenziyaning nusxasi.
    7. Manfaatdor davlat va jamoat tashkilotlarining tavsiya hamda qoʻllab-quvvatlash xatlari.

    Bitta loyiha uchun ajratiladigan grant miqdori – 50 million soʻmgacha.

    Hujjatlar 2023-yil 15-noyabrdan 15-dekabrgacha qabul qilinadi.