Madaniy meros kontrabandasining oldini olish masalalari muhokama qilindi

    Madaniy meros departamentida "Madaniy merosni asrab-avaylash va kontrabandasini oldini olish" mavzusida onlayn seminar-trening tashkil etildi.

    Tadbirni Oʻzbekiston respublikasining Buyuk Britaniyadagi elchisi Said Rustamov kirish soʻzi bilan ochdi. Shundan soʻng Madaniy meros departamenti rahbari Kamola Akilova mana shunday seminarni tashkil etganlari uchun Britaniya muzeyi Yaqin Sharq boʻlimi katta kuratori DR Sent Djon Simpson va boshqalarga minnatdorlik bildirib, madaniy merosni asrab-avaylash borasida yurtimizda olib borilayotgan ishlar haqida maʼlumotlar berib oʻtdi.

    Buyuk Britaniya muzeyining Yaqin Sharq boʻlimi kuratori doktor Sent Jon Simpson, professor Jeyms Allan, doktor Richard Piran Makklari, Doktor Andrey Omelchenkolar oʻgʻirlangan madaniy meros obyektlarini aniqlash va vataniga qaytarish boʻyicha akademik hamjamiyat bilan qanday ishlash kerakligi boʻyicha Britaniya muzeyi yondashuvi, Buxoro viloyatining Vobkent tumanidagi Chashmai Ayyubdan oʻgʻirlangan koshinlar qanday aniqlanganligi, 2020-yil Xitrou aeroportida chegara kuchlari tomonidan olib qoʻyilgan oʻgʻirlangan koshinlarning ilmiy ekspertizada qanday aniqlanganligi, Sankt-Peterburg Davlat Ermitaj muzeyining koshinlarni qanday oʻrganish hamda namoyish qilish masalalari yuzasidan oʻz nuqtayi nazarlarini bildirib oʻtishdi.

    Seminar qizgʻin muhokamalarga boy boʻldi. Poytaxtimizdagi koʻplab muzeylar rahbarlari va mutasaddi xodimlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi.