Madaniy meros masalalari boʻyicha Xalqaro maslahat qoʻmitasi tashkil etildi

    Xalqaro hamkorlik 16 Iyun 2021 1568

    Oʻzbekiston Vazirlar Mahkamasining “YUNESKO bilan hamkorliqda madaniy meros masalalari boʻyicha Xalqaro maslahat qoʻmitasini tashkil etish va uning faoliyatini qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida” gi qarori eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

    Hujjatda Oʻzbekiston Prezidentining “Madaniyat va sanʼat sohasining jamiyat hayotidagi oʻrni va taʼsirini yana-da oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosini taʼminlash, shuningdek, madaniy merosni muhofaza qilish, asrash, ommalashtirish va ulardan oqilona foydalanishda Oʻzbekiston va YUNESKO oʻrtasidagi aloqalarni yana-da rivojlantirish vazifalari belgilandi.

    Mazkur qaror bilan Oʻzbekiston Turizm va sport vazirligi, Madaniyat vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, YUNESKO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy komissiyasining Oʻzbekistonda madaniy meros masalalari boʻyicha tashkil qilinadigan Xalqaro maslahat qoʻmitasi tashkil etildi.

    Qoʻmita faoliyatining asosiy vazifalari jahon madaniyatiga munosib hissa qoʻshgan mamlakatimizning madaniy merosini Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritish boʻyicha takliflar tayyorlash va bu borada xalqaro tashkilotlar va YUNESKO maslahatlashuv organlari (IKOMOS, IKKROM) bilan hamkorlikni kengaytirishdan iborat.

    Bundan tashqari, maslahat qoʻmitasi moddiy madaniy meros obyektlari va Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan hududlar (obyektlar) muhofazasini kuchaytirish, ularning umumbashariy bemisl qimmatini ishonchli saqlab qolish boʻyicha ilmiy va amaliy takliflar tayyorlash, tegishli loyihalarni amalga oshirish bilan bogʻliq ishlarda qatnashadi.

    Xalqaro maslahat qoʻmitasi YUNESKO Umumjahon merosi qoʻmitasi qarorlari va tavsiyalarini Oʻzbekistonda samarali amalga oshirilishida ishtirok etish hamda bu boradagi milliy hisobotlar tayyorlashda ham amaliy yordam koʻrsatadi.

    Hukumat qarori bilan Xalqaro maslahat qoʻmitasiga moddiy madaniy meros masalalari hamda Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan hududlar (obyektlar) boʻyicha maslahat organi maqomi berildi.

    Qoʻmita faoliyati xarajatlari Oʻzbekiston Davlat byudjetining Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligiga taqsimlanadigan mablagʻlari doirasida moliyalashtirilishi nazarda tutilgan.

    Xalqaro maslahat qoʻmitasi Toshkent shahri, Amir Temur shoh koʻchasi, 107 B-manzilidagi Turizm va sport vazirligi binosiga joylashtiriladi.