Madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish boʻyicha birinchi laboratoriya tashkil etildi

    Turizm 29 Noyabr 2021 1462

    Koreya Respublikasi Madaniy meros fondi bevosita Turizm va sport vazirligi, Koreya hukumati hamda Koreya Madaniy meros boshqarmasi bilan birgalikda 2020-yildan boshlab Oʻzbekiston madaniy merosini asrash boʻyicha ODA (Offissial Development Assistance) loyihasini amalga oshirdi.

    Mazkur loyiha oʻzbek xalqi uchun muhim boʻlgan qadimiy topilmalarni kelajak avlodga yetkazish hamda ularni saqlash imkonini beradi.

    Loyihaning I-bosqichi doirasida 700 ming dollar miqdoridagi grant asosida Oʻzbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyi qoshida arxeologik topilmalarni oʻrganish va tiklash boʻyicha zamonaviy laboratoriya tashkil etildi, soha mutaxassislari uchun mahorat darslari oʻtkazildi hamda 95 ta eksponat qayta tiklandi. Afrosiyob muzeyidagi devorga bitilgan rasmlar namoyish etilayotgan xona taʼmirlandi.

    Oʻzbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyining mavjud taʼmirlash laboratoriyasini modernizatsiya qilish maqsadida muzey binosining 4-qavatidagi koʻrgazmalar zali rekonstruksiya qilinib, zamonaviy taʼmirlash uskunalari va inventarlari bilan taʼminlandi hamda jihozlandi. Muzey qoshidagi taʼmirlash laboratoriyasiga 87 ming dollarlik 120 dan ortiq restavratsiya toʻplami va zamonaviy jihozlar keltirildi.

    Loyiha doirasida Oʻzbekistondan 6 nafar mutaxassis muzey boyliklarini restavratsiya qilish uslublariga oʻqitildi. Ular tomonidan muzeyda namoyish etilgan bir qancha sopol va metall buyumlari rekonstruksiya qilindi.

    Shuningdek, Koreya davlatining konservatsiya sirlarini ochib beruvchi zamonaviy oʻquv-uslubiy qoʻllanma taqdim etildi, loyihaning yakuniy bosqichida laboratoriyaning moddiy-texnika bazasini yaxshilashga qoʻshimcha eʼtibor qaratildi.

    “Hozirda Koreya hukumati 2022-yildan 2026-yilgacha ODA loyihasining ikkinchi bosqichini amalga oshirishga tayyorlanmoqda. Loyihaning ikkinchi bosqichi Samarqand viloyati hududidagi oʻrganilmagan tarixiy yodgorliklarni oʻrganish va ularni sayyohlik obyektlariga aylantirish maqsadida Arxeologiya instituti infratuzilmasini yaxshilashni oʻz ichiga oladi, loyihaning umumiy qiymati 3 million 800 ming dollarni tashkil etadi va 5 yil muddatga taqsimlanadi”, — dedi ODAning Oʻzbekiston madaniy merosini saqlash loyihasi direktori, Koreya Madaniy meros jamgʻarmasi vakili Kim Dongmin.

    Loyihaning ikkala qismida Oʻzbekiston madaniy merosini saqlash va boshqarish, ularni tadqiq qilish va qazish davomida oʻzaro tajriba almashish, zamonaviy arxeologik bilim va koʻnikmalarni takomillashtirish, yodgorliklarni ochiq muzey holatiga keltirish, ularni moddiy-texnika bazasi bilan taʼminlash, restavratsiya markazlari va restavratorlar saviyasini koʻtarish koʻzda tutilgan, deb xabar beradi Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati.