Zalmay Xalilzad 2002-yildan beri Oʻzbekistonga muntazam tashrif buyurishini taʼkidlab, mamlakatimizdagi keng koʻlamli ijobiy oʻzgarishlarning guvohi boʻlganini maʼlum qildi. Shuningdek, turizmning rivoji madaniy meros obyektlarini tanitish bilan chambarchas bogʻliqligini qayd etib, Toshkent va Oʻzbekistondagi artefaktlarga sarmoya kiritishga qiziqish bildirdi. Z. Xalilzad ARCH, Qatar suveren fondi va AQSHning boshqa jamgʻarmalari bilan hamkorlik qilgan holda, optimal turistik sharoitlarni yaratish borasida barcha investitsion imkoniyatlarga ega ekanligini bildirdi. U aviachiptalar narxini pasaytirish, ularni sotuvda koʻpaytirish maqsadida xususiy loukoster aviakompaniyalarni jalb etish hamda sayyohlar uchun qoʻshimcha qulayliklarni yaratish maqsadida transport sohasi xodimlari, turar joy va umumiy ovqatlanish korxonalari uchun xorijiy tillar kurslarini tashkil etishda koʻmaklashishni taklif etdi.
ARCH raisi Sheril Benard alyans faoliyati haqida batafsil maʼlumot berdi. U dunyo boʻylab madaniy meros obyektlarini oʻrganish, saqlash, restavratsiya, rekonstruksiya va konservatsiya qilishga qaratilganligini aytib oʻtdi. Bu yoʻnalishdagi ishlarga toʻxtalib, Iroqdagi harbiy harakatlar natijasida Mosul shahridagi deyarli vayron boʻlgan Xaldey katolik cherkovini tiklashni misol tariqasida keltirdi.
F. Davrukov Toshkent shahriga boʻlgan qiziqish uchun minnatdorlik bildirib, tasdiqlanadigan rejaga muvofiq, poytaxtdagi 350 dan ortiq madaniy meros obyektlaridan har yili oʻrtacha oʻntasi restavratsiya yoki rekonstruksiya qilinishni maʼlum qildi. Hokim oʻrinbosari shahar hokimligi poytaxtimizdagi madaniy meros obyektlarini rekonstruksiya va restavratsiya qilishda, uchrashuvda koʻtarilgan boshqa masalalarda hamkorlik imkoniyatini koʻrib chiqishga tayyorligini aytib oʻtdi.
Uchrashuv yakunida boshlangan sermahsul muloqotni oʻzaro foydali hamkorlik uchun davom ettirishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.