Qarorga koʻra, madaniyat va sanʼat sohasida iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida quyidagilar yoʻlga qoʻyiladi:

  • ijodkor yoshlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi yagona platforma joriy etiladi hamda “ERP madaniyat” yagona boshqaruv tizimiga integratsiya qilinadi;
  • madaniyat sohasida sunʼiy intellektdan hamda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish boʻyicha “Ijodiy texnolaboratoriya“ tashkil etiladi;
  • umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim tashkilotlarida “Ijodkor yoshlar klubi“ faoliyati yoʻlga qoʻyiladi;
  • “Madaniyat volontyorlari“ ijtimoiy harakati faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

Shuningdek, har yili jahonning kamida 4 nafar yetakchi mutaxassislari va taniqli sanʼatkorlari oʻquv jarayonlariga jalb etiladi hamda kamida 4 nafar ijodkor yoshlar xorijiy mamlakatlarga tajriba almashish uchun yuboriladi.

Madaniyat va sanʼat yoʻnalishidagi “Start-Up” loyihalari uchun BHMning 100 baravarigacha miqdorida ijodiy grantlar ajratish choralari koʻriladi.

2026-yildan Madaniyat vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan yillik kalendar-reja asosida yoshlar uchun tanlov va festivallar tashkil etiladi.