Madaniyat va turizm vazirligi qayta tashkil etildi

    Madaniyat 30 Iyul 2023 2833

    2023-yil 27-iyulda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Ma’muriy islohotlar doirasida madaniyat va turizm sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-114-son Farmoni qabul qilindi.

    Prezidentning 2023-yil 25-yanvardagi «Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF–14-son Farmoniga muvofiq quyidagilar tashkil etiladi:

    Madaniyat va turizm vazirligi negizida Madaniyat vazirligi;

    Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzurida Turizm qo‘mitasi.

    Madaniyat vazirligi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari:

    madaniyat va san’at sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, unda ishtirok etuvchi davlat organlarining ushbu yo‘nalishdagi faoliyatini muvofiqlashtirish hamda mazkur sohalarda qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;

    madaniyat va san’at, shu jumladan, teatr, kino, musiqa, xoreografiya, estrada, sirk va xalq amaliy san’atini yanada rivojlantirish;

    madaniyat va san'at hamda kino san’atidan unumli foydalangan holda ijodiy raqobatni rivojlantirish;

    nomoddiy madaniy merosni o‘rganish va asrab-avaylash;

    madaniyat sohasi infratuzilmasini modernizatsiya qilish, xalqaro reytinglarda mamlakatimiz mavqyeini oshirish va boshqalar.

    Farmon bilan quyidagilar tasdiqlandi:

    Madaniyat vazirligi tizimidagi muassasalarni qayta tashkil qilish va qayta nomlash dasturi;

    Madaniyat vazirligi tizimida yangi tashkil qilinayotgan muassasalar ro‘yxati;

    Vazirlikning tashkiliy tuzilmasi;

    Kinematografiya agentligining tashkiliy tuzilmasi;

    Madaniyat va san'at sohasida islohotlarni chuqurlashtirish va tizim faoliyatini transformatsiya qilish bo‘yicha «yo‘l xaritasi».

    Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 2023 yil 27 iyuldan kuchga kirdi, deb xabar beradi «Norma».