“Sharq taronalari” yuzdan ziyod OAV nigohida

    “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivalining ochilish marosimi oldidan Samarqand shahridagi “Yoshlar markazi”da festivalga bagʻishlangan brifing boʻlib oʻtdi. Unda xalqaro nufuzli tadbirni yoritish maqsadida tashrif buyurgan xorijiy va mahalliy OAV vakillari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda Madaniyat vazirligi ishtirok etishdi.

    Brifingda 1997-yilda tashkil etilib, ilk marotaba oʻtkazilgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalida 31 ta davlatdan musiqiy guruhlar va ijrochilar tashrif buyurgani, 2019-yilda oʻtkazilgan XII “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalida ishtirokchi davlatlar soni 75 taga yetgani hamda bus galgi tadbirda 80 ga yaqin mamlakatlardan 300 nafardan ziyod vakillar qatnashishi kutilayotganligi maʼlum qilindi.

    Shuningdek, tadbirni yoritish maqsadida dunyoning 30 ga yaqin davlatlarining 85 ga yaqin xorijiy va mahalliy OAVlarining 130 nafarga yaqin vakillari ushbu festivalni yoritish uchun Samarqandga tashrif buyurishganligi aytib oʻtildi.

    Brifing yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning OAV vakillariga yoʻllagan soʻzlari vazirning matbuot kotibi Sirojiddin Oʻsarov tomonidan yetkazildi: “Hurmatli ommaviy axborot vositalari xodimlari, festivalni yoritish uchun sizlarga yuborgan takliflarimizga labbay deya javob berib, ayni kunlarda Oʻzbekistonga tashrif buyurganingizdan benihoya xursandman, xususan xalqaro madaniy almashinuvlarga koʻprik boʻlayotganingiz, shuningdek, globallashuv davrida madaniy aloqalarni mustahkamlashdek xizmatda kamarbasta boʻlayotganingizdan minnatdorman, ushbu sharafli xizmatda kuch-quvvat hamda muvaffaqiyat tilayman”.


    Rasmlar muallifi

    Hakim Yo'ldoshev