Madaniyat vaziri turkiyalik bir guruh olimlar bilan uchrashdi

    Biznes 10 Sentabr 2020 6495

    Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Turkiyaga safari doirasida turkiyalik bir guruh olimlar bilan uchrashdi.

    Istanbulning eng nufuzli oliy oʻquv yurtlaridan biri hisoblangan Beruniy universitetida tashkil etilgan mazkur tadbirda Marmara fondi prezidenti Akkan Suver, Beruniy universiteti rektori Adnan Yuksel, professor Bekir Karligʻa, rasmiy va jamoatchilik doiralari vakillari ishtirok etdi.

    - Ilmi va ijodi bilan dunyoga ezgulik ulashgan Imom Buxoriy, Abu Rayhon Beruniy, Alisher Navoiy kabi buyuk shaxslar tuprogʻidan salom keltirgan bu insonlar biz uchun juda aziz va qadrlidir, - dedi Adnan Yuksel oʻzbekistonlik mehmonlarni qutlar ekan.

    Uchrashuv davomida Oʻzbekiston va Turkiya hamkorligida suratga olingan “Beruniy” nomli hujjatli film namoyishi hamda turk va ingliz tillarida chop etilgan “Beruniy” kitobining taqdimoti oʻtkazildi. Mazkur asar oʻzbek tiliga tarjima qilinmoqda. Hujjatli filmda allomaning bolaligidan to buyuk mutafakkir boʻlib yetishgunga qadar boʻlgan davr aks ettirilgan.

    Muloqot ishtirokchilari buyuk qomusiy olim Abu Rayxon Beruniy ilm-fan sohasida katta meros qoldirgan alloma, matematika va astronomiya ilmining bilimdoni sifatida Sharq va Gʻarbda eʼzozlanishini taʼkidladi. Shuning uchun ham buyuk mutafakkir haqida hali koʻplab ilmiy ijodiy asarlar, hujjatli va badiiy filmlar suratga olinadi, uning ilmiy asarlari talabalar, professor-olimlar tomonidan chuqur oʻrganiladi.

    O.Nazarbekov koʻrsatilgan yuksak ehtirom, iliq doʻstona munosabatdan mamnun ekanini bildirdi. “Beruniy” kitobi hamda hujjatli filmi uchun oʻzbek xalqi nomidan minnatdorlik izhor etdi.

    – Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik va yaqin doʻstlik rishtalarining mustahkamlanayotgani, ikki davlat rahbarlarining samimiy munosabatlari biz ijodkorlar uchun ham juda katta hamkorlik eshiklarini ochdi. Yangi film va kitob madaniy-maʼrifiy sohadagi hamkorligimiz, birgalikda boshlagan ezgu ishlarimizning debochasidir,- dedi u.