Madaniyat vaziri Turkmanistonning Oʻzbekistondagi elchisi bilan uchrashdi

    Madaniyat 13 Mart 2024 1412

    Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov 13-martda Turkmaniston Respublikasining Oʻzbekistondagi elchisi Shadurdi Meredov bilan uchrashdi. Muloqot chogʻida hamkorlikda amalga oshirish rejalashtirilgan bir qator madaniy tadbirlarga oid masalalar muhokama qilindi.

    Xususan, 2024-yil 26-27-mart kunlari Turkmanistonning Anau shahrida “Turkiy dunyo madaniyat poytaxti” tadbirlari boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan boʻlib, Madaniyat vazirligi rahbariyati boshchiligidagi vazirlik delegatsiyasi va ijodiy guruhining Turkmanistonga safari rejalashtirilyapti. Uchrashuvda tashrif bilan bogʻliq tashkiliy masalalar kelishib olindi.

    Shuningdek, “Buyuk turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firogʻiy tavalludining 300-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi prezident qarori ijrosi boʻyicha qabul qilingan nazorat rejasida koʻzda tutilgan vazifalar atroflicha muhokama etildi. Jumladan, Maxtumquli haqida turkman kinoustalari bilan hamkorlikda badiiy film yaratish, yubiley munosabati bilan shoir hayoti va ijodiy faoliyati haqida spektakl sahnalashtirish, oʻzbekistonlik yosh xonandalar oʻrtasida “Maxtumquli sheʼrlari bilan aytiladigan eng yaxshi qoʻshiqlar ijrochisi” respublika tanlovini oʻtkazish va unga faxriy hakam sifatida turkman mutaxassislarini jalb etish, alloma xotirasiga bagʻishlangan ijodiy kecha oʻtkazish yuzasidan fikr almashildi.

    Uchrashuvda tomonlar joriy yilda Turkmanistonda oʻtkazilishi rejalashtirilgan Oʻzbekiston madaniyati kunlari, shu bilan birga, qoʻshni mamlakat xalq artistlarining mamlakatimizga gastrol safarlarini uyushtirish boʻyicha ham soʻz yuritishdi.

    Ozodbek Nazarbekov turkman tomonini shu yil 25-30-aprel kunlari Xiva shahrida tashkil etiladigan “Lazgi”, 26-28-iyun kunlari Zomin tumanida tashkil etiladigan “Maqom sanʼati” festivallarida ishtirok etish uchun taklif qildi.

    Bundan tashqari uchrashuvda Samarqandda boʻlib oʻtadigan “Sharq taronalari” Xalqaro musiqa festivali, Baxshi sanʼatining Xalqaro anjumani, Xalqaro hunarmandchilik festivali, “Buyuk ipak yoʻli” xalqaro musiqa folklor festivali, teatr festivallari va boshqa tadbirlarda ishtirok etish, Oʻzbekistondagi madaniyat va sanʼatga ixtisoslashgan taʼlim muassasalarida Turkmaniston vakillari uchun kvotalar ajratish, teatr sohasida hamkorlikni rivojlantirish bilan bogʻliq masalalar ham koʻrib chiqildi, deb xabar beradi Madaniyat vazirligi matbuot xizmati.