2025-yil 13-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tashabbusi bilan Toshkentda Markaziy Osiyo va Ozarbayjon mamlakatlarining savdo va investitsiyalar vazirlari kengashining birinchi yigʻilishi tashkil etildi.
Yigʻilishning asosiy maqsadi mintaqa davlatlari oʻrtasida savdo, investitsiya va sanoat kooperatsiyasi sohalaridagi amaliy hamkorlikni mustahkamlash, oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish hamda qoʻshma ishlab chiqarish tashabbuslarini ilgari surishdan iborat boʻldi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov, Qozogʻiston Respublikasi savdo va integratsiya vaziri Arman Shakkaliyov, Tojikiston Respublikasi iqtisodiy taraqqiyot va savdo vaziri Zavki Zavkizoda, Turkmaniston savdo va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Nazar Agahanov, Ozarbayjon Respublikasi iqtisodiyot vaziri birinchi oʻrinbosari Elnur Aliyov hamda Qirgʻiz Respublikasining Oʻzbekistondagi elchisi Duyshonkul Chotonov ishtirok etdi.
Yigʻilishda
- tovar ayirboshlash hajmini 20 milliard dollarga yetkazish boʻyicha mexanizmlar,
- “Made in Central Asia” brendi ostida qoʻshma ishlab chiqarish maydonlarini tashkil etish,
- xalqaro moliya institutlari va yirik investorlarni infratuzilma hamda sanoat loyihalariga jalb qilish masalalari muhokama qilindi.
Maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdosi oxirgi yillarda barqaror oʻsish surʼatlarini namoyon etmoqda. Agar 2017-yilda tovar ayirboshlash hajmi 3,2 milliard dollarni tashkil etgan boʻlsa, 2024-yilga kelib bu koʻrsatkich 6,9 milliard dollarga yetdi.
Xususan, Qozogʻiston bilan savdo hajmi 4 milliard dollarga yaqinlashgan, Qirgʻiziston bilan – 700 million dollar, Tojikiston bilan – 570 million dollardan oshgan, Turkmaniston bilan esa 1,15 milliard dollarga yetgan. Ozarbayjon bilan savdo aylanmasi esa yil boshidan buyon 13 foizga oʻsgani qayd etildi.
Yigʻilish yakunida iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish, kooperatsiya va qoʻshma ishlab chiqarishlarni rivojlantirish, shuningdek, investitsiyaviy hamkorlikning yangi mexanizmlarini yaratishga oid qoʻshma kommyunike imzolandi.
Tadbir konstruktiv va ishchan muhitda oʻtdi hamda Markaziy Osiyo davlatlarining sanoat va investitsiya sohalarida mintaqaviy rivojlanishni qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini yana bir bor tasdiqladi.









