2020-yil yakuni bilan Oʻzbekiston va Rossiya Federatsiyasining Kirov viloyati oʻrtasidagi tovar ayriboshlash hajmi 17,15 million dollarni tashkil etgan. Mamlakatimizdan mazkur hududga asosan ip-kalava, avtomobil, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetkazib berilgan. Qayd etish kerak, bu boradagi hamkorlik aloqalarini charm-poyabzal sohasida ham rivojlantirish uchun ikki tomonda salohiyat yetarli.
“Oʻzcharmsanoat” uyushmasi tashabbusi bilan manfaatli aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish, hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini belgilab olish maqsadida Kirov viloyatiga biznes-missiya tashkil etildi. Asosiy eʼtibor Oʻzbekiston charm-poyabzal va moʻynachilik tarmogʻi uchun ushbu hududdan yangi hamkorlar topish va bu boradagi ishlar istiqbolini muhokama qilishga qaratildi. Ikki kun davomida tashkil etilgan biznes-missiya doirasida taqdimotlar, V2V formatidagi uchrashuvlar, brifinglar oʻtkazildi.
Onlayn va oflayn boʻlib oʻtgan biznes-uchrashuvlarda Kirov viloyati Sanoat, tadbirkorlik va savdo vazirligi rahbariyati, Eksportni qoʻllab-quvvatlash markazi, “Kirov viloyati yengil sanoat klasteri” tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash uyushmasi, Kirov viloyati tadbirkorlikni rivojlantirish fondi, “Mening biznesim” markazi vakillari va tadbirkorlar ishtirok etdi.
Bugungi kunda mamlakatimizda boʻlgani kabi Kirov viloyatida ham charm-poyabzal va moʻynachilik sanoati tez surʼatlarda rivojlanib bormoqda. Bu oʻz navbatida hamkorlikda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, mavjudlarini yana-da rivojlantirish, integratsiya uchun istiqbolli yoʻnalishlarni tanlab olish uchun qulay imkoniyat yaratadi. Brifingda ishtirokchilar qayd etishganidek, Oʻzbekistondagi singari Rossiyada ham tarmoqda klasterlar faoliyatini rivojlantirishga alohida ahamiyat berilmoqda. Taʼkidlanganidek, bu esa xalqaro klasterlarni tashkil etishdagi hamkorlik uchun qulay zamin yaratadi.
Taqdimotlarda “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi vakillari mamlakatimizning charm-poyabzal, moʻynachilik tarmogʻining investitsiyaviy salohiyati, har bir hududning oʻziga xos jihatlari, shuningdek, Uyushma faoliyati toʻgʻrisida Rossiya tomoniga batafsil maʼlumot berdilar. Bundan tashqari, mahalliy ishlab chiqaruvchilarimiz ham oʻz faoliyatlari boʻyicha taqdimotlar oʻtkazdi.
Biznes-missiya davomida Kirov viloyati tadbirkorlari bilan V2V uchrashuv va muzokaralar ham oʻtkazildi, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.