Ushbu nufuzli koʻrgazma maydonida Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi, “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” AJ va mamlakatimiz elchixonasi hamkorligida Oʻzbekiston milliy stendi tashkil etildi. Unda 15 dan ortiq milliy elektrotexnika sanoati korxonalari “Made in Uzbekistan” brendi ostidagi mahsulotlarni namoyish qildi.
Tadbir doirasida ilk bor taqdim etilgan Oʻzbekiston mahsulotlarining yuqori sifati va raqobatbardoshligi tadbirga tashrif buyurgan hamkorlarda katta qiziqish uygʻotdi.
Koʻrgazma davomida oʻtkazilgan muzokaralar chogʻida Dubay shahrida oʻzbek mahsulotlari shou-rumi va omborini tashkil etish, Ajman amirligi erkin iqtisodiy hududida mahsulotlarni oʻzaro manfaatli shartlarda ishlab chiqarish va mintaqadagi xaridorlarga yetkazib berish masalalari muhokama etildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.