MAGATE delegatsiyasi Oʻzbekistonga tashrif buyurdi

    Energetika 13 Oktabr 2020 523

    Joriy yil 12-oktyabrda Oʻzbekiston Respublikasi energetika vaziri Alisher Sultonov MAGATE Bosh direktori oʻrinbosari va Kafolatlar departamenti rahbari Massimo Aparo boshchiligidagi delegatsiya bilan muzokaralar oʻtkazdi.

    Tomonlar Oʻzbekiston va Atom energetikasi boʻyicha xalqaro agentlik oʻrtasidagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

    2019-yil avgust oyida Oʻzbekistonda MAGATE bilan hamkorlikning 25 yilligi keng nishonlandi. Mazkur hamkorlik 2018-yilda Oʻzbekistonda atom energiyasidan foydalanish va Atom energetikasini rivojlantirish agentligi (“Oʻzatom”) tashkil etilganidan buyon yangi bosqichga koʻtarildi.

    Janob Aparo xavfsizlik masalalari boʻyicha MAGATEE va Oʻzbekiston oʻrtasida oʻzaro samarali aloqalar mavjudligini va yadroviy dasturni ishlab chiqish toʻgʻrisida qaror qabul qilinishini hisobga olgan holda, mamlakatning majburiyatlari yana-da oshishini taʼkidladi va buning uchun seminarlar tashkil etish va kadrlar tayyorlash orqali toʻliq hamkorlikka tayyorligini bildirdi. MAGAE va Oʻzbekiston oʻrtasida oʻzaro yaqin hamkorlikni kengaytirish zarurligi alohida qayd etildi.

    MAGATE delegatsiyasi Oʻzbekistonning yadro texnologiyalarini rivojlantirish borasidagi siyosatini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyorligiga ishonch bildirib, bu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va qadamlarni alohida taʼkidladi.

    Shuningdek, Oʻzbekiston mamlakatda yadro energiyasi boʻyicha milliy dasturni ishga tushirish bilan barcha xalqaro majburiyatlarni bajarishga intilayotgani qayd etildi.

    Xususan, mamlakatimizda ilk atom elektrostansiyasi qurilish loyihasi doirasida MAGATE bilan mazkur loyiha uchun kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish borasida yaqin hamkorlik yoʻlga qoʻyildi.

    Loyihaga aloqador “Oʻzatom” agentligi, vazirlik va idoralar xodimlari MAGATE tomonidan Vena shahridagi shtab-kvartirada, shuningdek AQSH, Rossiya, Ruminiya, Chexiyada va boshqa mamlakatlarda tashkil etilgan oʻquv seminarlari va treninglarda ishtirok etdi. Seminarlar va treninglar AES qurilishi uchun joy tanlash va uni qurish, yadro sohasiga doir qonunchilikni rivojlantirish, obyektlarni fizik jihatdan himoya qilishni taʼminlash, kadrlar tayyorlash va boshqa qator yoʻnalishlar bilan bogʻliq masalalarga bagʻishlandi.

    MAGATE bilan texnik kooperatsiyada 2022-2023-yillarga moʻljallangan kadrlar salohiyatini oshirish va qurilishi rejalashtirilayotgan atom elektrostansiyasi uchun yadro infratuzilmasini yaratish boʻyicha dastur ishlab chiqildi.

    Qayd etish joizki, Toshkentga tashrif asnosida MAGATE delegatsiyasi shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutida boʻldi, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti Behzod Yoʻldoshev bilan uchrashuv oʻtkazdi. Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi raisi Baxtiyor Gʻulomov bilan muzokaralar oʻtkizilib, yadro materiallari kafolatlari masalalari muhokama qilindi.

    Energetika vazirligi matbuot xizmati.