Magistral yoʻllar boʻyida 50 mingta koʻchma savdo nuqtalari tashkil qilinadi

    Magistral yoʻllar boʻyida 50 mingta koʻchma savdo nuqtalari tashkil qilinib, yoshlarga ijaraga beriladi. Bunda, dastlabki 6 oyda yoshlarga ijara haqi va soliqdan imtiyoz beriladi.

    Bu yil 60 ming gektar yer yoshlarga ajratildi. Endilikda har bir viloyatda 2 tadan tumanda Yoshlar kooperatsiyasi tashkil qilinadi, ularga kerakli texnika, uskunalar va urugʻlik yetkazib beriladi.

    Tadbirkorlar ham yoshlar uchun bunday loyiha qilaman desa, jamgʻarma ularning kredit foizini qisman qoplab beradi. Ushbu maqsadlarga ham 10 million dollar ajratiladi. Shuningdek, dehqonchilikni yangidan boshlagan 150 ming yoshlarga tajribali fermerlar va usta dehqonlar biriktirilib, serdaromad va eksportbop mahsulotlar yetishtirishga oʻrgatiladi.