Xotin-qizlar rektor nomiga 15-sentyabrgacha ariza berishi kerak. Ushbu muddatdan keyin taqdim etilgan arizalar koʻrib chiqilmaydi.
Erkaklar uchun qonunchilikda alohida imtiyozlar belgilanmagan, shunday boʻlsa-da, umumiy imtiyozlar mavjud. Xususan, davlat tomonidan belgilangan banklardan 14% lik taʼlim krediti olish mumkin. Taʼlim krediti 7-yil muddatga beriladi.
Kredit olish uchun banklarga quyidagi hujjatlar beriladi:
— ariza;
— shartnoma (kontrakt) va unga ilova qilinadigan hisob varaqasi/fakturasi (mavjud boʻlganda);
— shartnomada oʻqishni tamomlashning muddati va bir yil uchun toʻlov miqdori koʻrsatilgan boʻlishi lozim;
— garov va kafillik boʻyicha hujjat.
Arizani istalgan vaqtda berish mumkin, aniq cheklovlar mavjud emas.
“Temir daftar”ga kiritilgan oilalar farzandlari hamda “Yoshlar daftariga” kiritilgan yoshlar kontraktining 50% qismi, biroq BHMning 50 baravaridan (17 mln soʻmdan) oshmagan qismi “Yoshlar daftari” jamgʻarmasi hisobidan qoplab beriladi. Buning uchun tuman (shahar) yoshlar ishlari boʻlimiga ariza berish kerak.
Kontraktni ish haqi yoki boshqa daromadlardan toʻlaganda soliq imtiyozlari beriladi. Yaʼni taʼlim uchun sarflangan mablagʻlardan soliq olinmaydi.
Imtiyozdan quyidagi kishilar foydalana oladi:
— farzandi shartnoma asosida tahsil oladigan ota-onalar (bunda farzand 26 yoshga toʻlmagan boʻlishi zarur);
— turmush oʻrtogʻi shartnoma asosida oʻqiydigan shaxslar (tahsil olayotgan shaxs 26 yoshga toʻlmagan boʻlishi zarur);
— yoshidan qatʼi nazar talabalar.