Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining “2023/2024-oʻquv yilidan boshlab oliy taʼlim muassasalari magistratura mutaxassisliklariga hamda oliy taʼlimdan keyingi taʼlim ixtisosliklariga hujjat topshirishda talab etiladigan xorijiy tillarni bilish darajasini baholovchi milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlar roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyrugʻi loyihasi eʼlon qilindi.
Oʻzbekiston Prezidentining “Oʻzbekistonda xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorda 2022/2023-oʻquv yilidan boshlab oliy taʼlim muassasalari magistratura mutaxassisliklariga hamda oliy taʼlimdan keyingi taʼlim ixtisosliklariga tanlovlarda milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega shaxslar ishtirok etishi tartibi joriy etilishi aytilgan.
Bunda, filologiya yoʻnalishlari boʻyicha kamida C1 darajadagi milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikat, nofilologik yoʻnalishlari boʻyicha esa V2 darajadagi milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikat talab etilishi belgilangan.
2023/2024-oʻquv yilidan boshlab oliy taʼlim muassasalari magistratura mutaxassisliklariga hamda oliy taʼlimdan keyingi taʼlim ixtisosliklariga hujjat topshirishda talab etiladigan xorijiy tillarni bilish darajasini baholovchi milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlar roʻyxati tasdiqlanmoqda.
Xalqaro sertifikatlar taqdim etishda hujjatdagi talabgorning ism-sharifi lotin harflarida hamda shaxsini tasdiqlovchi hujjatga muvofiq boʻlishi, magistratura va oliy taʼlimdan keyingi taʼlim uchun hujjat topshirishda filologiya yoʻnalishi boʻyicha hujjat topshirayotgan talabgorlar aynan oʻzlari tanlagan til yoʻnalishi boʻyicha til bilish darajasini baholovchi sertifikatni taqdim etishlari, til bilish darajasini baholovchi sertifikatlar til bilish koʻnikmalarining barcha turlarini (tinglab tushunish, oʻqib tushunish, yozish va gapirish) oʻz ichiga olishi lozim.