Vazirlik axborot xizmatining maʼlum qilishicha, yigʻilishda magistraturaga hujjat qabul qilish jarayonida kelib tushgan 4332 ta arizaning 1282 tasi talab darajasida emasligi, ayrim hollarda soxta sertifikatlar ham yuklanayotgani aytildi.
Magistraturaga qabul tugashiga oz muddat qolganiga qaramay hamon aksariyat OTM tomonidan bakalavriat bosqichi bitiruvchilari diplomlarini oʻz vaqtida rasmiylashtirish yakunlamagani tanqid qilindi. Bu, oʻz navbatida, magistraturaga kirish istagida boʻlgan abituriyentlarning asosli noroziliklarini keltirib chiqarayotgani qayd etildi.
Masʼullarga barcha imkoniyatlarni ishga solgan holda qisqa vaqt ichida bitiruvchilar diplomlarini rasmiylashtirishni yakuniga yetkazish va qatʼiy nazorat olish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Shundan soʻng ikkinchi oliy taʼlimga hujjatlar qabul qilishning borishi, tartibi bilan bogʻliq maʼlumotlarni rasmiy saytlarda eʼlon qilishdagi sustkashliklar ham tanqid ostiga olindi.
Ikkinchi oliy taʼlimga qabulni amalga oshiradigan barcha OTM rektorlariga yuqorida qayd etilgan maʼlumotlarni aniq va batafsil eʼlon qilish borasida koʻrsatma berildi.
Soʻng yana bir muhim masala – texnikum bitiruvchilarini suhbat asosida oʻqishga qabul qilish haqida soʻz yuritildi. OTM rektorlariga ushbu jarayonni yuqori saviyada tashkil etish yuzasidan vazifalar topshirildi.
Afsuski, soʻnggi kunlarda talabalar va ularning ota-onalariga yetarlicha tushuntirish ishlari olib borilmagani sababli talabalar tomonidan belgilangan tartiblarni tushunmasdan hujjat topshirishga urunish holatlari kuzatilmoqda.
OTM rektorlariga ushbu holatlarni bartaraf etish boʻyicha zarur chora-tadbirlar belgilab berildi.
Yigʻilishda yuqorida koʻtarilgan bir qator masalalar yuzasidan oliy taʼlim muassasalari rektorlarining taklif va mulohazalari tinglandi.