Mahalla ahli bilan kechki gurung

    Hukumat 18 Fevral 2021 4380

    Prezident Dashtbogʻ kichik sanoat zonasidagi korxonalarni koʻrganidan keyin, mahalladagi sharoitlarni koʻzdan kechirdi. Ismoil Kirgizov va Malika Parpiyeva xonadonida boʻlib, ular bilan suhbatlashdi. Gurungga qoʻni-qoʻshnilar ham keldi.

    - Men koʻproq oddiy odamlar bilan gaplashsam, sizlarning koʻzlaringizga qarasam, niyatlaringizni bilsam deyman, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

    Nuroniylar mahalla tizimiga eʼtibor natijasini oʻz hayotlari misolida soʻzlab berdi. Ijtimoiy muammolar hal boʻlib, turmush sharoitlari yaxshilanayotganini aytdi.

    - Nima uchun hamma kuchni mahallaga tashlayapmiz. Markazdagi bitta koʻchani yoritib qoʻyganimiz bilan odamlar rozi boʻlmaydi-ku. Mahallalardagi odamlarimiz, ayollarimiz, jonajon yoshlarimizni kim eshitadi?! Namangan viloyatida ham 141 ta mahallada mammolar bor - qayerda yoʻl yoʻq, qayerda suv yoʻq, qayerda ishsizlik koʻp. Ushbu kamchiliklarni bilib, his qilib, katta mablagʻ bilan kelganmiz. Endi uni kim nazorat qiladi, kim xalqni oʻylaydi? Mahalla, jamoatchilik. Endi mahalla raisi yangilikka intilgan, odamlarning ogʻirini yengil qiladigan boʻlishi kerak, - deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.

    Dashtbogʻ mahallasi idorasi, Davlat xizmatlari markazi filiali koʻzdan kechirildi.