Vazirlar Mahkamasining 18.05.2024-yildagi “Mahalla yettiligi” faoliyatini samarali tashkil etish hamda hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, ijtimoiy xodim va soliq inspektori faoliyatini eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlari (KPI) boʻyicha baholashda mahalla raisining ishtirokini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 292-son qarori imzolandi.
Prezidentning “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi boʻgʻin sifatida ishlashini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2023-yil 21-dekabrdagi PF-209-son Farmoniga muvofiq “mahalla yettiligi”ning faoliyati eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlari (KPI) boʻyicha baholanadi.
KPI koʻrsatkichlari mazkur xodimlarning ish beruvchilari tomonidan Uyushma bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi. Bunda mahalla raislari hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, ijtimoiy xodim va soliq inspektori faoliyatini baholashda ularga 20 foiz ball berishga haqli.
“Mahalla yettiligi” aʼzolarining ish haqini asosiy ish joyidan berish tartibi saqlab qolingan holda KPI asosida baholash natijalaridan kelib chiqib, ular moddiy ragʻbatlantirilib boriladi.
“Mahalla yettiligi” aʼzolarining faoliyati ularning har oylik ish rejalari asosida amalga oshiriladi. Yettilikning har bir aʼzosiga ustuvor tadbirlar va vazifalar ajratiladi.
Bir oy muddatda “Mahalla yettiligi” aʼzolari faoliyatini eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlari (KPI) boʻyicha baholash metodikasi qayta ishlab chiqiladi. Bunda:
- xotin-qizlar faoli faoliyatini baholashda ichki ishlar organlari tomonidan tazyiq va/yoki zoʻravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga berilgan himoya orderlari soni inobatga olinmaydi;
- hokim yordamchilari faoliyatini baholashda “yangi tashkil qilingan subyektlar” koʻrsatkichiga asosan ularning olis hududlarda faoliyat yuritayotganlariga qoʻshimcha koeffitsiyent berish imkoniyati hisobga olinadi.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 21.05.2024-yildan kuchga kirdi.