Xususan, hujjat bilan jamoatchilikni mahalla yettiligi aʼzolari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida xabardor qilish tartibi tasdiqlandi.
Nizom “mahalla yettiligi” aʼzolari – mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, ijtimoiy xodim va soliq inspektori tomonidan amalga oshirilgan ishlar boʻyicha mahalla fuqarolar yigʻini oldida har chorakda hisobot berish tartibini belgilaydi.
Yettilikning har bir aʼzosi oʻz faoliyatining barcha yoʻnalishlari boʻyicha batafsil hisobot beradi. Hisobot fuqarolar yigʻinida har chorak yakuni boʻyicha keyingi oyning 10-sanasigacha eshitiladi.
Koʻchaboshi va uyboshilar faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi namunaviy nizom tasdiqlandi. U koʻchaboshi va uyboshi saylovini tashkil etish va oʻtkazish tartibi, ularning asosiy vazifalari va funksiyalari, faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
Koʻchaboshi va uyboshilar saylovi tegishli hududda doimiy yoki vaqtincha istiqomat qilayotgan fuqarolarning fuqarolar yigʻini raisi rahbarligidagi yigʻilishda ochiq ovoz berish orqali oʻtkaziladi.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 14.06.2024-yildan kuchga kirdi.