Mahalla fuqarolar yig'ini o'rinbosarlarining oylik maoshlari qaytarib berildi

    O'rta Chirchiq tuman adliya bo'limi tomonidan O'zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 100 moddasi birinchi bandiga asosan tumandagi mahalla fuqarolar yig'ini o'rinbosarlari obodonlashtirish, tomorqa va tadbirkorlik masalalari bo'yicha o'rinbosari lavozimida ishlab kelgan fuqarolar shtat birliklari qisqarishi tufayli ishdan bo'shatilganligi bo'yicha murojaatlar ish yurituviga qabul qilingan.

    Tuman mahalla va nuroniylarni qo'llab quvvatlash bo'limi tomonidan xodimlarning 1 oylik ishdan bo'shatish nafaqasi (ish qidiruvchi sifatida ro'yxatda o'tganligi sababli) hamda ishsizlik davridagi ikkinchi va uchinchi oylik uchun pullik kompensatsiya pullari shu kungacha to'lab berilmay kelayotganligi aniqlandi.

    Mehnat kodeksining 67-moddasida mehnat shartnomasi alohida asoslarga (89 moddaning to'rtinchi qismi, 100-modda ikkinchi qismining 1,2 va 6 bandlari, 106 moddaning 2 bandi) ko'ra bekor qilinganda moddiy madad berish uchun belgilangan qo'shimcha kafolatlar nazarda tutilgan.

    Agar xodim yuqoridagi asoslardan biri bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan kundan boshlab 30 kalendar kun mobaynida mahalliy mehnat organida ish qidirayotgan shaxs sifatida ro'yxatdan o'tsa, mahalliy mehnat organi bergan ma'lumotnomaga binoan 3 oy uchun ham oldingi ish joylaridan o'rtacha ish haqi olish huquqiga ega bo'ladi. Ya'ni xodimga 2 oylik pullik kompensatsiyadan tashqari 3 oy uchun agar ish qidirayotgan shaxs sifatida ro'yxatdan o'tsa, bir oylik kompensatsiya pulidan tashqari ikkinchi va uchinchi oylar uchun ham o'rtacha oylik ish haqi saqlangan holda to'lab berilishi kerak.

    Tuman adliya bo'limi Inson huqulari va huquqni qo'llash amaliyotini o'rganish bo'linmasining tashabbusi bilan fuqarolarning qonun bilan qo'riqlanadigan manfaatlari tiklanib, yigirma million so'mdan ziyod oylik maoshlari qaytarib berilishi ta'minlandi.

    Shohruxmirzo Qo'ziyev,

    O'rta Chirchiq tuman adliya

    bo'limi yetakchi maslahatchisi