O‘zbekiston Prezidenti  «Mahalla iftixori» ko‘krak nishonini taʼsis etish to‘g‘risida»gi qarorga o‘zgartirishlar kiritish haqida»gi  qarorni imzoladi.

Hujjatda taʼkidlanganidek, so‘nggi yillarda mahallaning jamiyat ijtimoiy-iqdisodiy hayotidagi  aloqadorligini yana-da kuchaytirish, xususan bandlikni taʼminlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga yordam ko‘rsatish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Mahalla raisi, profilaktika inspektori, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faoli beshligining o‘zaro muvofiqlashtirilgan faoliyati yo‘lga qo‘yilib, joylardagi muammolarni mahallaning o‘zida aniqlab, ularni kompleks yondashuv asosida hal etish amaliyoti joriy etildi.  

Davlatimiz rahbarining mazkur qarorida ushbu vazifalarni  yana-da jadallashtirish va mahalla xodimlarini rag‘batlantirish tizimini yana-da takomillashtirish orqali  ularning faoliyati samaradorligini oshirish nazarda tutilgan.

Jumladan,  qaror bilan  O‘zbekiston Prezidentining 2017-yil 13-iyuldagi «Mahalla iftixori» ko‘krak nishonini taʼsis etish  to‘g‘risida»gi qaroriga ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritildi.

 Unga ko‘ra, «Mahalla iftixori» ko‘krak nishonini topshirish vaqti 1-sentyabr - Mustaqillik kuni arafasidan 22 mart - Mahalla tizimi xodimlari kuni arafasiga ko‘chirildi.

Bundan tashqari, ko‘krak  nishonini munosib nomzodlarga topshirish vazifasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi zimmasiga yuklandi.