Mahalla institut ko‘magida “madaniyat o‘chog‘i”ga aylanadi

    Mamlakatimizda 16 Aprel 2021 1943

    Shu yil 13-aprel kungi Yoshlar bandligini taʼminlash va boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish chora-tadbirlariga bagʻishlangan videoselektorda davlatimiz rahbari har bir oʻgʻil-qizga eʼtibor qaratish zarurligi xususida kuyinchaklik bilan fikr yuritib, mahallalarda uyushmagan yoshlarni ish bilan taʼminlash, yoshlarga yana-da koʻproq eʼtibor qaratish lozimligini taʼkidladi.

    Jizzax davlat pedagogika instituti rektori, professor Shavkat Sharipov tashabbusi bilan “Biz siz bilan doim birgamiz” shiori ostida oʻtkazilgan xayriya tadbiri ana shu chaqiriqqa javob tariqasida tashkil etildi.

    Zarbdor tumanidagi “Yoshlik” mahalla fuqarolar yigʻini hududida joylashgan 29-umumtaʼlim maktabida boʻlib oʻtgan “Biz siz bilan doim birgamiz” xayriya tadbirida mahallada uyushmagan yoshlar bilan olib borilayotgan ishlarda natijadorlikka erishish, iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, imkoniyati cheklanganlar, xususan, mahalladagi “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan ijtimoiy koʻmakka muhtoj fuqarolar holidan xabar olish, uyushmagan yoshlarni turli toʻgaraklarga jalb qilish, ularning maʼnaviy dunyoqarashini shakllantirishda koʻmaklashish, pirovardida, ushbu mahallani “Maʼnaviyat markazi”ga aylantirish kabi ezgu niyatlar maqsad qilingan.

    Dastlab institut professor-oʻqituvchilari, magistrlarining “Yoshlik” mahalla fuqarolar yigʻini aholisi bilan ochiq muloqoti boʻlib oʻtdi. Mahalla aholisi oʻzlarini qiziqtirgan savol va muammolar xususida murojaat qildi.

    Gulsara Qarshiyeva mahallada uy bogʻchasi ochgan. Kelini shu bogʻchada yordamchi boʻlib ishlaydi. Onaxon kelinini oliy maʼlumotli boʻlishini istaydi. Uchrashuvda onaxon kelinini shu oliygohda bepul tayyorlov kurslarida oʻqitish istagi borligini aytdi.

    Gulsara Qarshiyevaning murojaati ijobiy hal boʻldi. Shu bilan birga mahalla ahlining farzandlarini bepul tayyorlov kurslarida oʻqitish, kompyuter savodxonligi va xorijiy tillar toʻgaraklariga qatnashish borasidagi istak va xohishlari ham oʻsha joyning oʻzida hal qilindi.

    Ularning farzandlari endi qiziqish va intilishlariga qarab tayyorlov kurslarida bepul oʻqitiladi.

    Zarbdor tumanidagi 29-umumtaʼlim maktabi bitiruvchilari oliy taʼlim muassasalariga kirish boʻyicha past koʻrsatkichga ega maktablar sirasiga kiradi. Oxirgi uch yilda ushbu maktab bitiruvchilaridan biror kishi ham oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirmagan.

    Shu bois ushbu maktab Jizzax davlat pedagogika instituti homiyligiga olingan boʻlib, joriy yilda maktabni bitirayotgan 47 nafar bitiruvchi yoshlarga institut professor-oʻqituvchilari tomonidan bepul doimiy dars mashgʻulotlari hamda tayyorlov kurslari olib borilmoqda. Bundan nafaqat bitiruvchi yoshlar, balki ularning ota-onalari ham mamnun.

    Mahalla aholisi bilan uchrashuv bayramona tus oldi. Maktab hovlisida milliy qadriyatlarimizni aks ettiruvchi liboslar, qadimiy qoʻl mehnati namunalari, shuningdek, iqtidorli oʻquvchilarning sanʼat asarlari koʻrgazmasi tashkil etildi, institut badiiy jamoasi konsert dasturini namoyish etdi.

    Uyushmagan yoshlar bilan manzilli ishlash uchun tanlangan namunali talabalar oʻzlariga biriktirilgan tengdoshlari , “Yoshlar daftari”ga kiritilgan iqtidorli oʻquvchilarga kitoblar toʻplamini sovgʻa qilishdi. Shuningdek, mahalladagi “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarga ham xayriya sovgʻalari topshirildi.

    Tadbir soʻngida Yoshlik MFYda istiqomat qilayotgan 10 nafar imkoniyati cheklangan fuqarolar holidan xabar olinib, ularga 10 turdagi oziq –ovqat mahsulotlaridan iborat xayriya-ehsonlar tarqatildi.

    Gulchehra Sharipova,

    Jizzax davlat pedagogika instituti matbuot kotibi