Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi huzuridagi “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan “Mahallalarda milliy qadriyatlarni mustahkamlash haftaligi” doirasida tashkil etilgan ushbu tadbirda “Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari” tamoyilini amalga oshirish, oilalarni mustahkamlash, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash, aholi bandligini taʼminlashda mahalla institutining muhim ahamiyati va oʻrni muhokama etildi.
Anjumanda BMTning Aholishunoslik jamgʻarmasi, YUNISEF, YEXHT, AQSHning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID), Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) kabi koʻplab xalqaro tashkilotlarning vakolatxonalari, shuningdek, Rossiya, Birlashgan Arab Amirligi, Qozogʻiston, Turkmaniston, Tojikiston davlatlarining diplomatik korpus vakillari, mamlakatimizdagi oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarining xodimlari, fuqarolik jamiyati institutlari va OAV vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda soʻz olganlar noyob tuzilma hisoblanadigan mahalla institutining aholining oʻzaro jipsligi, oilalardagi maʼnaviy-axloqiy muhit barqarorligini taʼminlashdagi muhim ahamiyati katta ekanligini taʼkidlab oʻtishdi.
Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirining birinchi oʻrinbosari Gulnora Maʼrufova oʻz soʻzi davomida mahallaning jamiyat boshqaruvidagi rolini oshirish, xalq bilan davlat oʻrtasida ishonchli “koʻprik” boʻlishini amalda taʼminlash, uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash borasida davlatimiz tomonidan soʻnggi yillarda muhim islohotlar olib borilayotganligini taʼkidlab oʻtdi.
Konferensiya yakunida xalqaro tajribani inobatga olgan holda, mahalla institutining oilalarni mustahkamlash va aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashdagi rolini oshirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.