“Mahalla loyihasi” dasturiga 1 milliard dollar yoʻnaltirildi

    Prezident Shavkat Mirziyoyevga banklar ishtirokida mahallalarda aholi bandligini taʼminlash va daromadli qilish chora-tadbirlari boʻyicha axborot berildi.

    Bu haqda 16-dekabr kuni boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida topshiriq berilgan edi. Shundan kelib chiqib, 2025-yilda jami 5 million 200 ming nafar, jumladan, banklar tomonidan 3 milliondan ziyod aholini band qilish rejalashtirildi.

    Shu maqsadda 208 ta tuman va shaharlar hokimlari hamda banklar rahbarlari tomonidan aholi bandligini taʼminlash va daromadini oshirish boʻyicha hamkorlik shartnomalari imzolandi, bunda tomonlarning aniq huquq va majburiyatlari koʻrsatib oʻtildi.

    Har bir mahalla boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlar belgilandi. Aholi bandligini taʼminlashga qaratilgan “mahalla loyihasi” dasturi doirasida ajratiladigan 1 milliard dollar kredit resurslari banklar va hududlar kesimida taqsimlandi. Loyiha ishlab chiqish, kredit ajratish, aholi bandligini taʼminlash boʻyicha tuman banki rahbariga oyma-oy samaradorlik koʻrsatkichi qoʻyildi.

    Endi Markaziy bank raisi va uning oʻrinbosarlari hududlarga chiqib, joylardagi bank filiallarining mahallalardagi ishini yangicha yondashuv asosida tashkil qiladi. 2025-yil 1-fevralga qadar tuman banklari filiallarida mahallabay ishlash boʻlimlari tashkil etilib, ularga “mahalla bankirlari” tayinlanadi. Shuningdek, har bir mahallada ular bilan birga ishlaydigan “yordamchi-agentlar” tanlab olinadi.

    Hududiy banklar hamda tuman hokimlari aholini tayyor biznes loyihalari bilan tanishtirib boradi, ularni amalga oshirish koʻnikmalari oʻrgatiladi.

    “online-mahalla.uz”, “bank-kredit.uz” va “soliq.uz” axborot tizimlari integratsiya qilinib, masʼullarga yuklatilgan vazifalar ijrosi kunlik tahlil qilib boriladi. Faoliyati qoniqarsiz boʻlgan rahbarlarga chora koʻriladi.

    2025-yil bandlikni taʼminlash va kambagʻallikni kamaytirishda hal qiluvchi yil boʻlishi, buning uchun mahalliy hokimliklar va iqtisodiy-moliyaviy tuzilmalarning muvofiqlashgan ishini faollashtirish zarurligi taʼkidlandi.