Mahalla oqsoqollari saylovi yakunlandi

    Saylov 8 Iyun 2022 2444

    Joriy yil 7-iyunda Oliy Majlis Senati Kengashining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi.

    Senat Raisi T.Narbayeva boshqargan mazkur majlisda may oyida respublikada oʻtkazilgan fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovi natijalari muhokama etildi.

    Taʼkidlanganidek, Senat Kengashining 2022-yil 15-martdagi qaroriga asosan 9 349 ta mahallada jamoatchilik vakillari ishtirokida saylov boʻlib oʻtdi.

    Saylovda 26 910 nafar tavsiya etilgan nomzod orasidan fuqarolar tomonidan yashirin ovoz berish orqali 9 349 nafar mahalla raisi saylandi.

    Mazkur saylov qonunchilik talablari asosida senatorlar, mahalliy Kengashlar deputatlari, fuqarolar vakillarining ishtirokida ochiq, shaffof va adolatli tarzda oʻtgani qayd etildi.

    Bugun zamon oʻzgaryapti, odamlarning dunyoqarashi, fikrlashi va talabi yangicha. Shu bois mahallalarda ham ish tashkil etishda zamonga hamohang, yangi yondashuv zarur.

    Oʻz navbatida, davlat rahbari barcha islohot va oʻzgarishlarning natijalarini mahalla aholisi oʻz hayotida his qilishi zarurligini qayd etayotgani ham bejiz emas. Ushbu omillar inobatga olingan holda mahalla raisligiga koʻrsatiladigan nomzodlar uchun yuqori talablar belgilandi.

    Natijada saylangan mahalla raislarining qariyb 95 foizini oliy maʼlumotlilar tashkil etgan boʻlsa, 6 272 nafari birinchi marotaba ushbu lavozimga saylandi. Eng quvonarlisi ular orasida ayollar koʻlami ham ortib, 1 104 nafarga yetdi.

    Majlisda saylovni tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq holatlar yuzasidan fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar holati haqida senator T.Madumarov, mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vaziri oʻrinbosari A.Tursunov batafsil maʼlumot berdi. Xususan, kelib tushgan murojaatlar tezkorlik bilan oʻrganilgani, baʼzi murojaatlarga asosan ayrim hududlarda saylov jarayonlari qonunchilikka muvofiq vaqtincha toʻxtatilib, holatlarga oydinlik kiritilgandan soʻng qayta oʻtkazilgani aytib oʻtildi.

    Majlis yakunida Senat Kengashining “Fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) saylovi yakunlari toʻgʻrisida”gi Qarori qabul qilindi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.