Bu haqda Prezident mahalla tizimini yanada takomillashtirish va joylarda ishlarni samarali tashkil etish masalalari yuzasidan oʻtkazilayotgan videoselektor yigʻilishida maʼlum qildi. Yigʻilishda mahallalarga mablagʻ ajratilib, sharoit yaratilgani uchun shu yilning oʻzida 237 ming oila kambagʻallikdan chiqqani qayd etildi. Lekin hozirda 28 ta kichik tumanda ishsizlikka qarshi yetarli chora koʻrilmayotgani qayd etildi.
Mahalla tizimi uchun masʼul rahbarlarga bugundanoq ishchi guruhi tuzish va ushbu 28 ta tumanga borib, ulardagi ishsizlik, kambagʻallik va jinoyatchilikni kelasi yili 2 karra qisqartirish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish topshirildi.
Mahallalarga 2 ming kvadrat metrgacha boʻsh davlat obyektlarini auksionga chiqarish vakolati berilgan. Masalan, Samarqand shahar Shodlik mahallasi 1,5 ming kvadratli bino sotuvidan mahalla byudjetiga 5 milliard soʻm tushirgan.
“Koʻryapsizlarmi, qolgan mahallalarda ham «yettilik” izlansa, 3 mingga yaqin bunday binolarni sotish orqali ancha masalani hal qilsa boʻladi», – dedi Prezident.