Mahalla raislarining huquqiy bilimlari oshirilmoqda

    Joriy yilning 24 oktyabr kuni respublikamizda muhim siyosiy jarayon — Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʼtkazilishi munosabati bilan ayni vaqtda mamlakatimizning barcha hududlarida ushbu muhim jarayonni har tomonlama mukammal oʼtkazish, saylovchilarga barcha qulayliklarni yaratish maqsadida qizgʼin tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

    Jumladan, mahalla tizimi xodimlarining saylov jarayonlariga tayyorgarlik koʼrish va uni oʼtkazish bogʼliq koʼnikmalarini boyitish, siyosiy va saylovga doir huquqiy bilimlarini oshirish maqsadida Mahalla va oilani qoʼllab quvvatlash vazirligi tomonidan hududlardagi mahalla tizimi xodimlari ishtirokida oʼquv seminarlari oʼtkazilmoqda.

    2021 yil 23-30 avgust kunlari mazkur oʼquv mashgʼulotlarining birinchi bosqichi mamlakatimizdagi barcha tuman (shahar)larda uyushqoqlik bilan tashkil etildi.

    Seminar mashgʼulotlarida respublikamizdagi barcha tuman (shahar) mahalla va oilani qoʼllab-quvvatlash boʼlimi va fuqarolar yigʼinlarining masʼul xodimlari ishtirok etishdi.

    Unda Oʼzbekiston Respublikasining Saylov kodeksi mazmun-mohiyati, saylovga tayyorgarlik koʼrish va oʼtkazish tartibi, saylovlarda ovoz berish qoidalari xususida huquqiy-targʼibot materiallari asosida keng maʼlumotlar berildi.

    Shuningdek, saylovga tayyorgarlik koʼrish va uni oʼtkazish jarayonlarida mahalla raisi va xodimlari hamda kuzatuvchilarning huquq va majburiyatlari tushuntirildi.

    Oʼzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2021 yil 14 apreldagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan “Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik koʼrish boʼyicha asosiy tadbirlar dasturi” ijrosini taʼminlash hamda mahalla tizimi xodimlarining saylov qonunchiligi boʼyicha huquqiy bilimlarini yanada oshirish maqsadida joriy yilning 13-18 sentyabrь kunlari soha xodimlari ishtirokida navbatdagi oʼquv seminarlari oʼtkazilishi belgilangan.

    Аyni vaqtda Qoraqalpogʼiston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlarda Mahalla va oilani qoʼllab-quvvatlash vazirligi tomonidan tashkil etilgan Ishchi guruhlar tomonidan mahalla tizimi xodimlarining saylov qonunchiligi va saylov jarayonlarini oʼtkazish bilan bogʼliq bilim va koʼnikmalari oshirish maqsadida navbatdagi oʼquv seminarlari tashkil etilmoqda.

    “Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik koʼrish va uni oʼtkazish jarayonlarida mahalla tizimi xodimlarining vazifalari” mavzusida tashkil etilayotgan ushbu seminar darslarida tinglovchilarning aholining saylovlarda ishtirok etish, saylovchilarning yagona elektron roʼyxatini shakllantirish tartibi, fuqarolarning ovoz berish jarayonidagi ishtiroki xususidagi savollariga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob berib borilmoqda.

    Shuningdek, saylov uchastkasi aʼzosi boʼlgan mahalla xodimlarining asosiy vazifalari, uchastka saylov komissiyalari faoliyatidagi ishtiroki, kuzatuvchilar, shu jumladan xalqaro kuzatuvchilar bilan oʼzaro munosabatlari xususida ham zarur maʼlumotlar berilmoqda.
    Tadbirda yana bir muhim masala sifatida, saylov jarayonlarida aholining karantin qoidalariga rioya etilishini taʼminlashda mahalla xodimlarining tutgan oʼrniga toʼxtalib oʼtilmoqda.

    Oʼquv seminarlari joriy yilning 18 sentyabriga qadar davom etadi.