Mahalla raislarining vakolat muddati 3-yildan 5-yilga uzaytiriladi

    Mahalla raislari saylovini oʻtkazish bilan endi Senat emas, hududiy kengashlar shugʻullanadi.

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari 14-yanvar kuni oʻtkazilgan majlisda bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan — “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda koʻrib chiqilmoqda.

    Mazkur qonun loyihasi bilan quyidagilar belgilanmoqda:

    • fuqarolar yigʻini raisi vakolatlari muddatini uch yildan besh yilga oʻzgartirish;
    • fuqarolar yigʻini raisi vakolatlari muddatidan ilgari tugatilgan taqdirda boʻshab qolgan oʻrinlarga yangi saylov oʻtkazish orqali fuqarolar yigʻini raisini besh yil muddatga saylash tartibini belgilash;
    • Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining fuqarolar yigʻini raisi saylovini oʻtkazish bilan bogʻliq vakolatlarini Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga oʻtkazish;
    • Fuqarolar yigʻinlari raislari saylovini tashkil etish va oʻtkazishga koʻmaklashuvchi respublika komissiyasining fuqarolar yigʻini raisi saylovini oʻtkazish bilan bogʻliq vakolatlari Fuqarolar yigʻinlari raislari saylovini tashkil etish va oʻtkazishga koʻmaklashuvchi Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar komissiyalariga oʻtkazish;
    • Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha kengashlarining nomini Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar mahallani qoʻllab-quvvatlash kengashlari sifatida oʻzgartirish nazarda tutilmoqda.