Mahalla raisligiga oʻtkazilayotgan saylovning birinchi kunida 52 foiz amaldagi raislar gʻalaba qozondi

    Saylov 17 May 2022 1303

    Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi axborot xizmati rahbari Saodat Boymirzayeva maʼlum qildi.

    Joylarda ishi guruhlar tomonidan mahalla raislari lavozimiga 26 910 nafar nomzodlar tanlanib, mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda tavsiya qilindi.

    Kecha saylovning birinchi kuni yaʼni 16-may kuni holatiga koʻra, 834 nafar mahalla raisi saylandi (bitta mahallaga oʻrtacha 2,7 nafardan nomzod).

    Saylangan raislarning 399 nafari, yaʼni qariyb 48 foizi birinchi marotaba, 435 nafari yaʼni 52 foizdan ortigʻi amaldagi raislarni tashkil etadi.

    Raislarning 102 nafari ayollardan, 60 nafari mahalliy kengashlar deputatlaridan iborat.

    Saylangan raislarning sifat tarkibi quyidagicha:

    maʼlumoti boʻyicha:

    768 nafari, yaʼni 92,1 foizi oliy, 62 nafari, yaʼni 7,4 foizi oʻrta-maxsus, 4 nafari oʻrta maʼlumotga ega;

    yoshi boʻyicha:

    26 nafari 30 yoshgacha, 198 nafari 30-40 yoshgacha, 287 nafari 40-50 yoshgacha, 252 nafari 50-60 yoshgacha, 71 nafari 60 yoshdan yuqori;

    mutaxassisligi boʻyicha:

    270 nafari oʻqituvchi, 123 nafari iqtisodchi, 137 nafari muhandis, 52 nafari agronom, 41 nafari huquqshunos, 9 nafari shifokor, 21 nafari quruvchi, 5 nafari tovarshunos, 10 nafari sanʼatkor va sportchi hamda 166 nafari boshqa soha vakillari.

    Saylov oʻtkazilgan joylar boʻyicha:

    627 ta maktablarda, 59 ta kollej va litseylarda, 47 ta mahalla binolari va guzarlarida, 30 ta madaniyat uylarida, 23 ta musiqa va sanʼat maktablarida, 23 ta toʻyxonada, 10 ta korxona va tashkilotlarda, 6 ta oliy taʼlim mussasalarida, 1 ta maktabgacha taʼlim muassasasida hamda 8 ta boshqa joylarda oʻtkazildi.

    Ijtimoiy tarmoqlarda saylovlar bilan bogʻliq 18 ta eʼlon qilingan maʼlumotlarga Vazirlik, mahalliy hokimliklar hamda tuman (shahar) mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash boʻlimlari tomonidan rasmiy munosabatlar bildirildi.

    Bugundan boshlab Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi Oliy Majlis Senati va boshqa hamkor tashkilotlar vakillari bilan birgalikda “Mahalla” telekanalida haftada 5 kun toʻgʻridan toʻgʻri namoyish etiladigan “Minbar” koʻrsatuvi orqali joylarda saylovlarning tashkil etilishi va oʻtkazilishi bilan bogʻliq jarayonlarni muhokama qilib boradi. Yurtdoshlarimizda savollari boʻlsa, ushbu koʻrsatuvda masʼullarga murojaat qilishlari mumkin.