Mahalla xodimlari qaysi oliy taʼlim muassasasida oʼqitiladi?

    Yaqin kunlarda mamlakatimizdagi oliy taʼlim muassasalariga 2022/2023 oʼquv yili uchun qabul jarayonlari boshlanadi. Аlbatta, ayni vaziyat mahalla faollari nazaridan chetda qolmaydi. Zero, “Fuqarolarning oʼzini oʼzi boshqarish organlari uchun kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi Hukumat qarori (3-son, 03.01.2021- y.) bilan fuqarolar yigʼinlari uchun sirtqi taʼlim shaklida kadrlar tayyorlash tizimi joriy etilgan. 

    Xoʼsh, imtiyoz asosida kimlar hujjat topshirishi mumkin? Mahalla faollariga qanday talablar qoʼyiladi? Qaysi oliygohlarda oʼqish imkoniyati mavjud?

    Toʼlov-kontrakt shaklida oʼqitiladi

    Аytish kerakki, fuqarolarning oʼzini oʼzi boshqarish organlari uchun sirtqi taʼlim shakli doirasida oʼqitish toʼlov-kontrakt asosida tashkil etiladi. Kadrlar tayyorlash boʼyicha malaka talablari, oʼquv rejalari, fan dasturlari hamda oʼquv va oʼquv-metodik adabiyotlarni ishlab chiqish uchun Oʼzbekiston Milliy universiteti tayanch oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi. Har yili 1 martga qadar mahallalardagi kadrlarga boʼlgan joriy va istiqboldagi ehtiyoj toʼliq tahlil qilinadi hamda asoslantirilgan takliflar Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʼallikni qisqartirish vazirligiga taqdim etiladi.

    Mahalla va nuroniylarni qoʼllab-quvvatlash vazirligi tomonidan berilgan tavsiyanomaga ega boʼlgan hamda kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli oʼtgan fuqarolarning oʼzini oʼzi boshqarish organlari xodimlari belgilangan tartibda talabalikka tavsiya etiladi.

    Tavsiyanoma berish Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 23 iyundagi 402-son qarori bilan tasdiqlangan “Oliy taʼlim muassasalariga qoʼshimcha davlat granti asosidagi qabul koʼrsatkichlari doirasida xotin-qizlarga tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma berish va ularni oʼqishga qabul qilishni tashkil etish tartibi toʼgʼrisida”gi Nizomga muvofiq amalga oshiriladi. Tavsiyanoma asosida oʼqiyotgan talabalar oʼqishini boshqa bakalavriat taʼlim yoʼnalishiga koʼchirishga ruxsat berilmaydi.

    Tavsiyanoma kimlarga beriladi?

    Fuqarolarning oʼzini oʼzi boshqarish organlari xodimlariga tavsiyanomalar berish vazirlik tomonidan quyidagi mezonlar asosida amalga oshiriladi:

    - egallab turgan lavozimida soʼnggi bir yil davomida faoliyat yuritayotgani;
    - mahalla tizimida kamida uch yillik ish stajiga ega boʼlgani;
    - faoliyat yuritayotgan fuqarolar yigʼini reyting koʼrsatkichi boʼyicha «namunali» deb topilgani;
    - viloyat, tuman (shahar) mahalla va nuroniylarni qoʼllab-quvvatlash boshqarmalari, boʼlimlari tomonidan ijobiy tavsiflangani;
    - xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari tomonidan ish faoliyati ijobiy deb baholangani;
    - intizomiy jazo chorasi qoʼllanilmagani.

    Shunchaki “imtiyoz” emas...

    Mahalla xodimlarining sirtqi taʼlim shaklida oʼqishi imtiyoz oʼlaroq baholangan boʼlsa-da, aslida, qator talablari borki, istalgan xodim istalgan Oliy taʼlim muassasalariga kira olmaydi.

    Misol uchun, berilayotgan imtiyoz barcha Oliy taʼlim muassasalariga oʼtmaydi, qolaversa, barcha yoʼnalishlarga nisbatan ham tatbiq etilmaydi. Yaʼni mahalla xodimlari uchun pedagogika va moliya-iqtisod sohalaridagi Oliy taʼlim muassasalarida faqat «5520100 – Ijtimoiy ish» (faoliyatning turli sohalari boʼyicha) bakalavriat taʼlim yoʼnalishida sirtqi oʼqish imkoniyati berilgan.

    Masalan, bunday yoʼnalish Oʼzbekiston Milliy universiteti, OʼzMUning Jizzax filiali, Аndijon davlat universiteti, Buxoro davlat universiteti, Guliston davlat universiteti, Qoraqalpoq davlat universiteti, Qarshi davlat universiteti, Namangan davlat universiteti, Samarqand davlat universiteti, Termiz davlat universiteti, Fargʼona davlat universitieti, Urganch davlat universiteti, Navoiy davlat pedagogika instituti, Chirchiq davlat pedagogika institutlarida mavjud.

    Bundan tashqari, ushbu yoʼnalishga imtiyozli ravishda qabul qilingan mahalla xodimlarining oʼqishini boshqa yoʼnalishga koʼchirishiga ruxsat berilmaydi.

    Shuningdek, bu — mahalla xodimlari (hatto tavsiyanoma olganlari ham) oʼqishga toʼgʼridan-toʼgʼri qabul qilinadi, degani emas. Boshqacha aytganda, Mahalla va nuroniylarni qoʼllab-quvvatlash vazirligi tomonidan berilgan tavsiyanomaga ega boʼlib turib ham, kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli oʼtilmasa, mahalla organlari xodimlari talabalikka tavsiya etilmaydi.

    Qolaversa, tavsiyanoma soʼrab murojaat qilgan har bir mahalla xodimi tavsiyanomali boʼlib qolmaydi. Yaʼni yuqorida tavsiyanoma olishning, yuqorida qayd etilganidek, belgilangan mezonlari bor. Faqat ularga toʼgʼri kelgan xodimlargagina tavsiyanoma beriladi.

    2021-yilda 503 nafar xodimga tavsiyanoma berildi

    Mahalla va nuroniylarni qoʼllab-quvvatlash vazirligi maʼlumotiga koʼra, 2021-yilda tavsiyanoma olish uchun 1 ming 219 ta ariza kelib tushgan. Аrizalar vazirlikda tuzilgan ishchi guruh tomonidan oʼrganilib, 716 nafar nomzodning hujjatlari tegishli mezonlarga toʼgʼri kelmagani uchun tavsiyanoma berish rad etilgan.

    Xususan, 569 nafar nomzodning faoliyat yuritayotgan mahalla fuqarolar yigʼini reytingi namunali emas, 105 nafar nomzodning mahalla tizimida ish staji yetarli emas, 6 nafar nomzod egallab turgan lavozimiga 1 yil toʼlmagan, 36 nafari turli sabablarga koʼra (boʼlim xodimlari, nomzodning tegishli hujjatlari toʼliq etilmagan, fuqarolar yigʼini reyting koʼrsatkichi mavjud emas) rad etildi.

    Jami 503 nafar fuqarolarning oʼzini oʼzi boshqarish organlari xodimlariga tavsiyanomalar berildi.

    Sodiq АBDURАSULOV