“Albatta, yoshlarning tilini yoshlar tushunadi, ular bir-biridan oʻrnak oladi, bir-biriga motivatsiya beradi.
Shu bois, 9 mingdan ziyod mahallada yoshlar yetakchilarini tayinladik. Ular uch yil davomida koʻp narsani oʻrgandi, yetarli tajriba orttirdi.
Endi, ular maktab, texnikum, til va kasb markazlari bilan ham ishlashni oʻrganishi kerak”, — dedi Prezident.

Mahallalarimizda 167 ming nafar uyushmagan yoshlar, tarbiyasi ogʻir va huquqbuzarlik qilgan 17 ming oʻquvchi borligi barchani oʻylantirishi kerakligi qayd etildi.

Shu oʻrinda davlatimiz rahbari yangi saylangan mahalla raislariga murojaat qildi:

“Mahalladagi tinchlik, hamjihatlik, mehr-oqibat, sogʻlom muhit kimga bogʻliq? Avvalo, sizlarga bogʻliq.

Mahallada bitta bolaning notoʻgʻri yoʻlga kirishi ham favqulodda holat boʻlishi kerak. Shuning uchun, har bir bola haqida, uning taqdiri, kelajagi haqida avvalo sizlar koʻproq qaygʻurishingiz lozim”.