Mahalladagi kichik sanoat zonasida 22 ta korxona boʻladi

    Hukumat 18 Fevral 2021 4363

    Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan shahridagi “Dashtbogʻ” kichik sanoat zonasida boʻldi.

    Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga Murojaatnomasida sanoat salohiyatini yana-da oshirish uchun tuman va shaharlarda texnopark, kichik sanoat zonalari, hududiy klaster va logistika markazlari tashkil etilishini aytgan edi.

    Xususan, Namangan viloyatida 72 ta kichik sanoat zonasi uchun joy ajratilgan. Bugungi kunda shundan 34 tasi qurilib, foydalanishga topshirilgan.

    Dashtbogʻdagi majmua yaqinda tashkil etilganiga qaramay, korxonalar birin-ketin ishga tusha boshladi. Masalan, “Dream liner tekstil” masʼuliyati cheklangan jamiyatida maxsus kiyimlar va erkaklar koʻylagi tikish yoʻlga qoʻyildi. Bu yerda 120 nafar mahalliy aholi ishlamoqda.

    Shavkat Mirziyoyev ular bilan muloqotda boʻldi.

    - Eshityapsizlar, Oʻzbekistonda “mahallabay”, “xonadonbay” degan ibora paydo boʻldi. Bu degani - har bir oilaning dardini, niyatini bilib, ularga yelkadosh, koʻmakdosh boʻlish, sharoit yaratishga harakat qilyapmiz. Mahallangizda mana shunday joy qurilgani, sizlar ishli boʻlib, bir-birlaring bilan koʻrishib, viloyatda, mamlakatimizda boʻlayotgan yangiliklardan xabardor boʻlib, yaxshi kayfiyatda yashayotganlaringiz - ana shu harakat natijalaridan biri. Oldinda yana rejalarimiz, maqsadlarimiz koʻp. Namanganga ham odamlarning ertangi kunini yaxshi qilish uchun katta zamin, katta mablagʻlar bilan keldik, - dedi Prezident.

    Bu yerda yana toʻrtta korxona faoliyat yuritmoqda. “Navroʻz tekstil sanoat” korxonasida bolalar va erkaklar kiyimi, “Aziz Dizayn Servis” shirkatida sumka, ryukzak va chamadon, “Biaz text”da sendvich panellar ishlab chiqarilmoqda. “Kelajak mega stroy” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan oʻquv markazi ochilgan. Mazkur korxonalarda 300 ga yaqin ish oʻrni yaratilgan.

    “Dashtbogʻ” kichik sanoat zonasi maydoni qariyb 4 gektar. Yana koʻplab korxonalarda qurilish, uskunalar oʻrnatish davom etmoqda. Sanoat zonasida umumiy qiymati 119 milliard soʻmlik 22 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. 3 mingdan ortiq ish oʻrni yaratib, 2,7 million dollarlik eksport qilish moʻljallangan.

    Shu yerda Namangan viloyatida yoʻl, transport, qurilish va kommunal infratuzilmani rivojlantirish chora-tadbirlari muhokama qilindi. Davlatimiz rahbari Axsikent yodgorligini ochiq osmon ostidagi muzeyga aylantirish loyihasiga alohida eʼtibor qaratdi.

    - Axsikent - juda nodir yodgorlik. U yerdagi ishlarni ilm bilan, milliy gʻurur bilan, hurmat bilan qilish kerak. Bu joy “Namanganning Registoni” boʻlishi kerak, - dedi Prezident.