Qayd etilishicha, respublika boʻyicha 9 309 ta mahallada Yoshlar yetakchilari lavozimiga nomzodlar uchun “vacancy.argos.uz” portalida tanlov eʼlon qilindi. Tanlovda lavozimiga jami 42 538 nafar nomzodlar onlayn hujjat topshirdi (bir oʻringa 4,6 nafar). Respublika ishchi guruhi tomonidan nomzodlar bilan suhbat oʻtkazilib, 9 309 ta (100 foiz) mahallalar uchun nomzodlar tanlab olindi.
Soʻnggi yillarda “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” davlat dasturi, “Yoshlar daftari” va “Yoshlar dasturlari”ning amalga oshirilishi natijasida 596 ming nafar yoshlar bandligi taʼminlandi hamda 25,7 ming nafar imkoniyati cheklangan va tibbiy yordamga muhtoj yoshlar doimiy nazoratga olindi.
“Yoshlar daftari” jamgʻarmalarida mahalliy byudjetning orttirilgan qismining 15 foizi va ijro hujjatlariga oid undiruvlar hisobidan 382,8 mlrd soʻm mablagʻ shakllantirildi. Ushbu mablagʻlar hisobidan 140 mingga yaqin yoshga ijtimoiy-moddiy yordam koʻrsatildi.
Yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, yangi gʻoyalar asosida ishlab chiqilgan innovatsion, startap va biznes loyihalarini moliyalashtirish maqsadida 3,3 trln miqdoridagi mablagʻlarni yoʻnaltirish orqali 132 ming nafar yoshlarga imtiyozli kreditlar ajratildi.