Jumladan, ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli eng ogʻir 325 ta qishloq va 71 ta shahar mahallalarini kompleks rivojlantirish, ularga ichimlik suvi, elektr tarmoqlari, ichki yoʻllar va ijtimoiy soha obyektlarini qurish hamda taʼmirlash ishlari uchun 3,3 trillion soʻm ajratiladi.

Shuningdek, 2 ming 721 ta mahallada 10 ming kilometrdan ortiq ichki yoʻllarni taʼmirlashga, 2 trillion soʻm beriladi.

Shu bilan birga, 1 trillion soʻm evaziga 4 ming kilometrdan ortiq suv tarmoqlari tortilib, 500 ta mahallaga toza ichimlik suvi yetkaziladi.

Aholini elektr energiyasi bilan taʼminlash borasida uzoq yillar davomida koʻplab muammolar yigʻilib qolgan boʻlib, bu odamlarning haqli eʼtiroziga sabab boʻlmoqda. Har yili qishda chiroq oʻchishi bilan bogʻliq muammolar kuzatiladi. Joriy yildan bu masalalar toʻliq bartaraf etiladi. Elektr taʼminotini yaxshilash maqsadida 5 ming 377 ta (60 foiz) mahallada 15 ming kilometr elektr uzatish tarmoqlari va 4 mingdan ortiq transformatorlar yangilanadi. Bu ishlarga qariyb 2,1 trillion soʻm yoʻnaltiriladi. Sohada xususiy sherikchilik tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

Shu bilan birga, Tojikiston va Qirgʻiziston bilan elektr taʼminoti sohasida hamkorlik kuchaytiriladi.

Davlat rahbari elektr va gaz taʼminoti sohasida shu vaqtga qadar korrupsiya va talon-tarojlik kuzatilganini taʼkidladi. Endi barcha hisob-kitoblar joy-joyiga qoʻyiladi. Elektr va gaz hisobida yangi zamonaviy elktron tizim butun mamlakat boʻylab joriy qilinadi.

Bundan tashqari, qishloqlar infratulmasi ham tubdan oʻzgaradi. Jahon banki va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan birga, “qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi doirasida Fargʻona, Andijon, Namangan, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarining 21 ta tumani, 60 ta qishlogʻida 485 milliard soʻmlik (46 million dollarlik) loyihalar boshlanadi.