Mahallalarda iftorlik dasturxonlari yozilyapti

    Ijtimoiy hayot 30 Mart 2023 2688

    Ramazon oyi nafaqat ibodat, yaratganning ajru savoblariga erishish, balki xayru saxovat, insonlar oʻrtasida mehr-oqibat rishtalarini mustahkamlovchi muborak oydir.

    Prezidentimizning «Muborak Ramazon oyini munosib tarzda oʻtkazish toʻgʻrisida»gi qarori, unda belgilab berilgan vazifalar ijrosi doirasida Sirdaryo viloyatidagi 239 ta mahallada ehtiyojmand, ijtimoiy koʻmakka muhtoj oilalar vakillari, roʻzadorlar ishtirokida mehr-muruvvat, saxovat tadbirlari amalga oshirilyapti.

    Jumladan, Sirdaryo, Xovos, Sayxunobod, Guliston, Sardoba tumanlari hamda Shirin va Yangiyer shahridagi mahallalarda yozilgan iftorlik dasturxoniga «Temir daftar», «Ayollar daftari», yagona ijtimoiy himoya reyestrida turgan ikki mingdan ziyod fuqarolar taklif etildi.

    Fayzli dasturxon atrofida kechgan suhbatlar jarayonida Ramazon oyining fazilatlari haqida soʻz yuritildi. Yurtimizga tinchlik, oilalarimizga totuvlik, roʻzgʻorlarimizga baraka tilab duolar qilindi.

    Bu kabi xayriya tadbirlari, iftorlik marosimlari viloyatning barcha tuman va shaharlaridagi mahallalarda davom etyapti, deb xabar beradi Sirdaryo viloyati Oila va xotin-qizlar boshqarmasi matbuot xizmati.