Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov rahbarligida 2022-yilda “mahallabay” yangi ish tizimiga muvofiq amaliy faoliyatni tashkil etish va aholi bandligini taʼminlashga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Yigʻilishda investitsiyalar va tashqi savdo vazirining oʻrinbosarlari, Vazirlikning idoraviy mansub tashkilotlari hamda tarkibiy boʻlinmalar rahbarlari, shuningdek, videokonferensiya orqali viloyatlar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Toshkent shahar mahalliy hokimiyat organlarining investitsiyalar va tashqi savdoga masʼul rahbarlari ishtirok etdi.

Yigʻilishda Davlatimiz rahbari tomonidan mahallalar kesimida tadbirkorlikni rivojlantirish va kambagʻallikni qisqartirish borasidagi ishlarni takomillashtirish yuzasidan belgilangan vazifalar atroflicha muhokama etildi. Aholi bilan manzilli ishlash, odamlarni ishlab chiqarish va tadbirkorlikka jalb etish imkoniyatlarini yaratish va loyihalarni amalga oshirishda zarur yordam koʻrsatish, oʻz biznesini boshlashi uchun yer uchastkalari va moliyaviy resurslar bilan taʼminlash orqali mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini tubdan oshirishni taʼminlash, shuningdek, maʼmuriy masalalarni hal qilish muhim ustuvor vazifa etib belgilandi.

Mahallalarda tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish boʻyicha koʻrilayotgan tezkor chora-tadbirlar, shuningdek, mazkur jarayonning joylardagi amaliy jihatlari koʻrib chiqildi. Mahallalardagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning bugungi holatini chuqur oʻrganish, infratuzilmani yaxshilash, ichimlik suvi tarmoqlari, bolalar bogʻchalari, maktablar, tibbiyot muassasalari, madaniyat markazlarini taʼmirlash va qurish zarur boʻlgan holatlarni aniqlash muhimligiga alohida eʼtibor qaratildi.

Mahallalarning iqtisodiy salohiyatini oʻrganish, aholi va mahalliy tadbirkorlar bilan bevosita hamkorlik qilish, shuningdek, Vazirlikning hududiy boʻlinmalari xodimlariga tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashning yangi tizimi boʻyicha ishlarni yoʻlga qoʻyishda koʻmaklashish maqsadida Vazirlikning tarkibiy boʻlinmalari rahbarlariga joylarga chiqqan holda amaliy ishlarni tashkil etish topshirildi.

Shuningdek, mutasaddi rahbarlarga vazifalarni sifatli va oʻz vaqtida bajarish yuzasidan qoʻshimcha koʻrsatmalar berildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.