Mahalliy bug‘doy navlaridan mo‘l hosil olindi

    O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti “Donli ekinlar genetikasi, seleksiyasi va urug‘chiligi” laboratoriyasida yumshoq bug‘doyning mahalliy “Pahlavon”, “Bardosh”, “Oqmarvarid”, “E’zoz”, “Ilg‘or” navlari va lalmi maydonlarda ekish uchun moslashgan “Qayroqtosh” navlari yaratilgan.

    Ushbu navlar Toshkent, Sirdaryo, Farg‘ona va Surxondaryo viloyatlarida istiqbolli navlar sifatida turli urug‘chilik fermer xo‘jaliklari maydonlarida ekilmoqda. Bu mahalliy bug‘doy navlari ertapishar, sariq va qo‘ng‘ir zang kasalliklariga chidamli, hosildorligi o‘rtacha, sifati yuqori ekanligi bilan boshqa navlardan ajralib turadi.

    2022-yil tashqi muhit omillari (bahorgi kuchli yog‘ingarchilik, do‘l yog‘ishi va kuchli shamol), ayniqsa, bug‘doyning to‘liq pishish davri iyun oylaridagi noqulay iqlim sharoitlari sababli bug‘doy ekilgan dalalarning 30 foizdan 90 foizgacha qismida o‘simliklarning yotib qolib, zararlanish holatlari kuzatildi.

    Lekin shunga qaramasdan, Institut olimlari tomonidan yaratilgan “E’zoz” navidan Toshkent va Surxondaryo viloyatlari maydonlarida 55 s/ga, “Pahlavon” navidan Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlarida 60 s/ga, “Oq marvarid” navidan Toshkent viloyatida 50 s/ga dan yuqori hosil yig‘ishtirib olindi.