Italiya Hududiy ishlar va avtonomiyalar vazirligi hamda Latsio viloyati rahbariyati bilan oʻtkazilgan muzokaralar natijasida quyidagi ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Endilikda:
- Italiyaning mahalliy byudjet barqarorligini taʼminlash boʻyicha ilgʻor tajribasi Toshkent, Surxondaryo, Namangan va Buxoro viloyatlarida joriy etiladi.
- Oʻzbekiston viloyatlari va Italiya okruglari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyaviy hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi. Xususan, Latsio okrugi bilan Toshkent viloyatida farmatsevtika va logistika, Toskana bilan Buxoroda turizm, Emiliya-Romanya bilan Namanganda toʻqimachilik va asalarichilik, Abrusso okrugi bilan esa Surxondaryoda uzumchilik yoʻnalishida qoʻshma loyihalar amalga oshiriladi.
Shuningdek, taʼlim va innovatsiya sohasida La Sapienza universitetining Toshkentda filialini ochish, Parkent tumanida “enoturizm” kompleksini barpo etish hamda Lazio Innova agentligi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi hamkorligida innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha ishchi guruh tuzishga kelishildi.
Kelishuvlar doirasida 2026-yil mart oyiga qadar aniq investitsion loyihalarni shakllantirish va “Toshkent–Latsio hududlari” biznes forumini oʻtkazish rejalashtirildi.
Ushbu hamkorlik davlat boshqaruvini sifat jihatidan yangilash va hududlar iqtisodiyotiga xorijiy tajribani samarali tatbiq etishga xizmat qiladi.