Qarorga muvofiq, 2021-yil 1-iyuldan:

- barcha mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari va farmoyishlari “E-qaror” elektron tizimi orqali amalga oshiriladi;
- ushbu elektron tizimni chetlab oʻtgan holda qaror va farmoyishlarni qabul qilishga yoʻl qoʻyilmaydi;
- qarorlarning tartibga solish taʼsirini baholash elektron tizim orqali amalga oshiriladi.

Qaror bilan mazkur sohani tartibga solishga qaratilgan nizom tasdiqlandi.

Nizomga koʻra, loyiha “E-qaror” elektron tizimi orqali manfaatdor tashkilotlar bilan kelishish uchun yuboriladi.

Manfaatdor tashkilotlar loyihani 3 kun muddatda ish yurituviga qabul qiladi hamda koʻrib chiqadi.

Loyihalar yuzasidan belgilangan muddatlarda “E-qaror” elektron tizimi orqali munosabat bildirilmagan taqdirda, loyiha kelishilgan hisoblanadi.

Nizomga koʻra, Adliya vazirligi:

hujjatlar loyihalarini faqat “E-qaror” elektron tizimi orqali qabul qilinish jarayonlarining doimiy monitoringini olib boradi;

monitoring natijalariga koʻra elektron tizim orqali kelishish uchun yuborilgan hujjatlar loyihalari yuzasidan manfaatdor tashkilotlarning belgilangan muddatda munosabat bildirmagan rahbar va masʼul xodimlariga nisbatan taʼsir choralarini qoʻllaydi.

Eslatib oʻtamiz, “E-qaror” elektron tizimi dastlab Hukumat qarori (https://lex.uz/docs/4787645) bilan 2021-yil yanvar-may oylarida Qashqadaryo viloyatida eksperiment tariqasida sinovdan oʻtkazilishi, shuningdek 2021-yil 1-iyuldan boshlab respublikaning barcha darajadagi mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida joriy etilishi belgilangan edi.