Mahalliy eksportyorlar uchun yangi bozorlar ochilmoqda

    Endilikda, agrar tadbirkorlar o'z mahsulotlarini sifat mezonlari asosida yirik hajmda Belarus davlatiga eksport qilishlari mumkin.

    Sifatli mahsulotga talab doim yuqori bo'ladi. Tadbirkor o'z mahsulotini ichki bozordan tashqari, chet elga olib chiqa olsa, daromadi bir necha barobar oshadi. O'zbekistonning oxirgi yillarda dunyo davlatlari bilan ochiq va faol hamkorligi mamlakat eksport ko'rsatkichlari oshishiga xizmat qilyapti.

    Davlat statistika qo'mitasi ma'lumotlariga ko'ra, joriy yilning o'tgan uch oyida mamlakatimizning tashqi savdo aylanmasi 13,2 milliard dollarni tashkil etib, shundan 5,8 milliard dollari eksport hissasiga to'g'ri kelmoqda. Poytaxtimizda 25—27-aprel kunlari o'tgan Innoprom 2-xalqaro sanoat ko'rgazmasi doirasida eksport masalalari bo'yicha ham kelishuvlarga erishildi.

    Muxtor UMAROV,

    O'zbekiston eksportchilar uyushmasi raisi:

    — Bugun yurtimizda 6 mingga yaqin eksport qilish salohiyatiga ega korxonalar faoliyati yo'lga qo'yilgan bo'lib, ularga berilayotgan qator imtiyozlar tufayli diyorimizda yetishtirilayotgan meva-sabzavotlarning xalqaro savdo hajmi kengayib bormoqda. Ayniqsa, shirasi tilni yoradigan o'zbek mevalariga dunyo davlatlarida qiziqish yuqori. Avvallari eksport hajmining katta qismi Qozog'iston, Rossiya, Qirg'iziston singari an'anaviy bozorlar hissasiga to'g'ri kelardi. So'nggi yillarda tadbirkorlarimiz uchun yangi bozorlar ochilishi hisobiga, eksport geografiyasi kengayib boryapti.

    Xalqaro sanoat ko'rgazmasi bu borada yaxshi va samarali platforma vazifasini o'tadi. Yirik kompaniyalar vakillari bilan uchrashuvlar tashkil etib, muzokaralar olib bordik. Kelishuvlarda har ikki tomon manfaatdor bo'lishi lozim. SHu bois, jarayonda har kim o'z takliflarini berdi. Foydali bitimlar ham imzoladik.

    Rossiyaning Nijniy Novgorod viloyatidagi “TSentr importa i importozameщeniya” markazi vakillari O'zbekistonda ishlab chiqarilayotgan qishloq xo'jaligi mahsulotlariga katta qiziqish bildirdi. Ular bilan yurtimizda etishtiriladigan qishloq xo'jalik va meva-sabzavot mahsulotlari eksportini amalga oshirish bo'yicha kelishib oldik. Hamkorlarimiz o'z viloyatida ana shu mahsulotlarimizning doimiy importini yo'lga qo'ymoqchi.

    Belarus Savdo-sanoat palatasi vakillari ham bu borada o'z istaklarini bildirdi. Ular bilan qishloq xo'jalik va meva-sabzavot mahsulotlarini Belarus bozorlariga to'g'ridan-to'g'ri etkazib berish bo'yicha o'zaro yangi hamkorlik kelishuvi imzoladik. O'tgan yili mamlakatimiz Belarus` davlatiga 14 ming tonna meva-sabzavot eksport qilgan. Shundan 593 tonnasi gilos eksportiga to'g'ri keladi. Bu borada O'zbekiston yetakchi davlatlardan biri bo'lib, gilos yetishtirish va uni eksport qilishda yuqori 5 talikdan joy olgan. Hamkor davlat joriy yil ham import ko'rsatkichini yanada oshirish istagini bildirdi. Mazkur talab mahalliy eksportyor korxonalarimiz uchun yanada keng imkoniyatlar eshigini ochadi. Endilikda, agrar tadbirkorlar o'z mahsulotlarini sifat mezonlari asosida yirik hajmda Belarus davlatiga eksport qilishlari mumkin.

    Biz bu borada eksportyorlarni doim qo'llab-quvvatlashga tayyormiz. Hozirgi kunda eksportchilar uyushmasi 400 dan ortiq mahalliy tadbirkorlar bilan a'zolik shartnomalarini imzolagan. Bundan tashqari, O'zbekistonda eksport bilan shug'ullanayotgan minglab korxona va tadbirkorlarga mahsulotlarini chet davlatga chiqarish hamda shu bilan bog'liq masalalarni hal etishlarida amaliy yordam ko'rsatib kelyapti. Yaqinda uyushma qoshida “Yagona Markaz” loyihasi ishga tushdi. Bu markazda kichik va o'rta biznes vakillariga yuridik, logistika, xalqaro savdo, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish singari 20 dan ortiq xizmat turlari ko'rsatiladi. Yo'nalishlar bo'yicha professional mutaxassislar jalb etilgan. Asosiysi, markazga murojaat qiladigan tadbirkorlarning har qanday muammosi tez sur'atlarda hal bo'lishi uyushma tomonidan nazoratga olinadi.

    Innoprom sanoat ko'rgazmasi doirasida Rossiyaning yirik xalqaro tashkiloti — “Yevroosiyo xalqlari uyushmasi” rahbariyati bilan o'tgan uchrashuv ham muhim takliflarga boy bo'ldi. Ular O'zbekistonda 55 ta xorijiy davlat ishtirokida birinchi Umumjahon sammitini o'tkazish taklifini berdi. Biz ham keng miqyosdagi uchrashuvlar va hamkorlik tarafdorimiz.

    Umuman sanoat ko'rgazmasida bilidirilgan barcha fikr-mulohazalar, o'tkazilgan muloqotlar, imzolangan bitimlar yagona maqsad — mamlakatlar o'rtasidagi sanoat va savdo-iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, import va eksport ko'rsatkichlari, investitsion loyihalar ko'lamini oshirishga qaratilgan. Bu loyihalar jahon bozorida yangi brendlar paydo bo'lishi va ular o'rtasida sog'lom raqobat shakllanishiga xizmat qiladi.