Taʼkidlanganidek, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari tomonidan oʻz vakolatlarini roʻyobga chiqarishda qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibga rioya etishni taʼminlash dolzarb ahamiyat kasb etyapti.
Seminardan asosiy maqsad xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish boʻyicha huquqni qoʻllash amaliyotini tartibga olish, mavjud muammolarni, xato va kamchiliklarni bartaraf etish va shu kabi holatlar kelgusida yoʻl qoʻyilishining oldini olishdan iboratdir.
Shuningdek, seminar davomida prokuratura organlari tomonidan mahalliy Kengash deputatini daxlsizlik huquqidan mahrum qilish yuzasidan taqdimnoma kiritish, taqdimnomani doimiy komissiya majlisi va Kengash sessiyasida muhokama etishda qanday masalalarga eʼtibor berish lozimligi hamda boshqa ayrim masalalar muhokama etildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.
Bunday seminarlarni oʻtkazish mahalliy Kengashlar deputatlarini daxlsizlik huquqidan mahrum qilish jarayonida amaliyotda uchrab turgan kamchiliklar bartaraf qilinishiga, ushbu masalada qonun ustuvorligi va qonuniylikning taʼminlanishiga, mahalliy Kengash deputatining maqomi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga rioya qilinishi sifati yanada oshishiga xizmat qiladi.