Xalq deputatlari viloyat Kengashining mavjud 8 ta doimiy komissiya raislari, viloyat hokimining o'rinbosarlari, viloyat prokurori va ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig'i qatnashgan tadbirda bir qator masalalar ko'rib chiqildi.

 Xususan, hududlar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining eng muhim va dolzarb masalalari, koronavirus pandemiyasi, global inqiroz holatlarining iqtisodiyotga salbiy ta'sirini kamaytirish borasida ko'rilayotgan chora-tadbirlar, joriy yil uchun qo'shimcha infratuzilma loyihalarining ishlab chiqilishi, joylarda ishlab chiqarish hajmini kengaytirish va aholi bandligini ta'minlash bo'yicha qo'shimcha zaxiralarning aniqlanishi, kambag'allikni qisqartirish, tadbirkorlikni rivojlantirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi haqida fikr almashildi.

Ta'kidlash joizki, davra suhbati davomida karantin sharoitida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub'ektlarini har tomonlama qo'llab-quvvatlash hamda ularga yaratilayotgan imkoniyatlar, qo'shimcha imtiyoz va engilliklar berish bo'yicha ko'rilayotgan choralar, “Saxovat va ko'mak” umumxalq harakati doirasidagi tashabbuslarda faol ishtirok etayotgan tadbirkor va fermerlarni qo'llab-quvvatlash, imtiyozlar berish hamda ularning muammolarini hal etish borasidagi ishlar yuzasidan sektor rahbarlarining mas'uliyatini oshirish va Kengash oldida belgilangan grafik asosida hisobot berishlari to'g'risida kelishib olindi.

SHuningdek, viloyat Kengashi va uning doimiy komissiyalari ish faoliyatini yaxshilash borasida qator takliflar muhokama qilindi. Jumladan, yuridik va jismoniy shaxslarga berilayotgan kreditlar foiz stavkalarini kamaytirish, qabul qilinishi rejalashtirilayotgan hujjatlar loyihalarini deputatlar muhokamasiga birinchi o'qishdan avval berish, qurilish tashkilotlari va quruvchilarni himoya qiluvchi qonun hujjatlari ishlab chiqilishi takliflari muhokama etildi.

Tadbirda Prezidentimiz  rahbarligida joriy yil 26 mayda o'tgan videoselektor yig'ilishida berilgan topshiriqlar hamda Senatning 2020 yil 28 maydagi 01-22/889-sonli xatida ko'rsatilgan masalalar yuzasidan 28-29 mayda shahar-tumanlarda Kengashlarning sessiyalari o'tkazilgani, sessiyalarda viloyat Kengashi deputatlari, viloyat sektorlari rahbarlari, viloyat hokimining o'rinbosarlari va tegishli boshqarmalar boshliqlari ishtirok etgani to'g'risida hisobotlar tinglandi. 

Toshkent viloyati hokimligi Axborot xizmatiga ko'ra, qabul qilingan qarorlarni o'z vaqtida va sifatli bajarilishida mahalliy Kengashlar deputatlarining rolini yanada kuchaytirish masalasi ham muhokama etildi.