Bugun, 8-iyunda Oliy Majlis Senati Raisi T. Narbayevaning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy va Samarqand viloyatlari mahalliy Kengashlar vakillari bilan onlayn uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Unda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati samaradorligini oshirish, ular tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarning qonuniyligini taʼminlash, Kengashlar faoliyatida doimiy komissiyalarning rolini kuchaytirish masalalariga eʼtibor qaratildi.

Senatga kiritilayotgan qonunlarni mahalliy Kengashlarda muhokama qilish, hududlardagi muammolarni senatorlar orqali parlamentga olib chiqish va bartaraf etishga koʻmaklashish amaliyoti yoʻlga qoʻyilganligi, qolaversa, mahalliy Kengashlar doimiy harakatdagi nazorat organiga aylanib borayotganligi taʼkidlandi.

Shuningdek, mahalliy Kengashlar oldida turgan vazifalarga urgʻu berilib, zarur taklif va tavsiyalar berildi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.