Mahalliy Kengashlarning sessiyalarida muhim masalalar muhokama qilindi

    Mamlakatimizda 17 Avgust 2020 985

    Bugun, 17-avgust kuni xalq deputatlari Toshkent, Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlari Kengashlarining videokonferensaloqa tarzida sessiyalari boʻlib oʻtdi. Ularda Oliy Majlis Senati Raisi T.Narbayeva hamda parlament yuqori palatasi Raisi oʻrinbosari Z.Nizamxodjayev ishtirok etib, nutq soʻzladi.

    Taʼkidlanganidek, joriy yil 12-avgust kuni Prezidentimiz raisligida hududlarda sanoatni rivojlantirish, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish masalalari boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida karantin talablarini bosqichma-bosqich yumshatish topshirigʻi berilgan edi.

    Mamlakatimizda koronavirusga qarshi kurashish borasida oʻz vaqtida koʻrilgan qatʼiy choralar, olib borilayotgan tezkor chora-tadbirlar tufayli pandemiyaning salbiy oqibatlari oldi olingani qayd etildi.

    Albatta, bu borada davlatimiz rahbarining 20 ga yaqin farmon va qarorlar qabul qilindi hamda oʻtkazilayotgan videoselektor yigʻilishlarida ham aholi sogʻligʻini muhofaza qilish, ularning tibbiy xizmatlardan toʻliq foydalanish imkoniyatini yaratish, qolaversa, iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarning barqaror ishlashini taʼminlash masalalariga eʼtibor qaratib kelinmoqda.

    Sessiyalarda pandemiya sharoitida ishlashga oʻrganish, buning uchun belgilangan karantin qoidalariga qatʼiy rioya qilish, ilgari yoʻl qoʻyilgan xatolarni takrorlamaslik lozimligi, amalga oshirilayotgan bu kabi ishlarda senator va deputatlarimiz ham chetda turmasligi zarurligi taʼkidlandi.

    Jumladan, xalq vakili sifatida oʻz hududida aholi bilan tushuntirish ishlarini olib borish, fuqarolar tomonidan bildirilayotgan turli tushunmovchiliklar boʻyicha oʻzlarining munosabatlarini bildirishlari, bu ishlarga Yoshlar parlamenti aʼzolarini ham jalb etish kerakligiga urgʻu berildi.

    Yana bir jihat. Sessiyalarda pandemiya davrida aholi salomatligini saqlash, ajratilayotgan mablagʻlarning sarflanishi kabi masalalar yuzasidan deputatlik nazoratini olib borish zarurligi qayd etildi.

    Bundan tashqari, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni “temir daftar”larga kiritilishi boʻyicha aholi orasida uchrayotgan eʼtirozlar, bu boradagi korrupsion holatlarning oldini olish uchun, avvalo, deputatlik nazoratini kuchaytirish, ijro hokimiyati organlarining hisobot va axborotlarini eshitib, muhokama qilib borish maqsadga muvofiqligi bildirildi.

    Sessiyalarda viloyatlar sogʻliqni saqlash boshqarmalari rahbarlarining hisoboti eshitildi. Ularda hududdagi koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq umumiy vaziyat, pandemiya davrida aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish ahvoli, aholi oʻrtasida sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya etilishi, epidemiologik vaziyatni barqaror saqlash borasida ishlarni kuchaytirish, dezinfeksiya ishlarini amalga oshirish, tibbiyot xodimlarini ragʻbatlantirish yuzasidan mablagʻlar ajratilishi hamda ushbu mablagʻlarning maqsadli sarflanishi kabi masalalarga alohida urgʻu berildi.

    Shuningdek, pandemiya davrida belgilangan vazifalarni amalga oshirishda qatʼiy deputatlik va jamoatchilik nazorati olib borilishini – mahalliy Kengashlar oʻzlarining ustuvor vazifalari sifatida bilishlari kerakligi taʼkidlandi.